Boliviya, Kosta-Rika, Gayana, Paragvay, Trinidad va Tobago hamda Qo‘shma Shtatlar Panama kanalidagi portlar boshqaruvi bo‘yicha sud qaroridan so‘ng Xitoyning iqtisodiy bosimini qoralovchi qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Panama Oliy sudi yanvar oyi oxirida Gonkongning CK Hutchison kompaniyasiga tegishli sho‘ba korxonaning Balboa va Kristobal port terminallarini boshqarish shartnomalarini konstitutsiyaga zid deb topib, bekor qildi.
Olti davlat bayonotida Xitoy Panama bayrog‘i ostidagi kemalarga nisbatan “maqsadli iqtisodiy bosim” o‘tkazayotgani ta’kidlandi. AQSH Federal Dengiz Komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida Xitoy 70 ga yaqin Panama bayrog‘idagi kemani ushlab qolgan, bu “tarixiy me’yorlardan ancha yuqori”.
“Bu harakatlar mustaqil Panama Oliy sudining qaroridan so‘ng dengiz savdosini siyosiylashtirish va yarim sharimiz davlatlari suverenitetiga tajovuz qilishga urinishdir”, deyiladi bayonotda.
AQSH Davlat kotibi Marko Rubio X’dagi xabarida Vashington “Xitoyning Panamaga iqtisodiy bosimidan chuqur xavotirda” ekanini bildirdi. “Biz Panama bilan birdamlikdamiz. Panama suverenitetiga har qanday tajovuz barchamizga tahdiddir”, dedi u.
Xitoy avvalroq AQSHni “bezorilik”da va Lotin Amerikasida obro‘sini to‘kishga urinishda ayblagan, Panama Oliy sudi qarorini esa “bema’ni” va “sharmandali” deb atagan.
AQSH Federal Dengiz Komissiyasi rahbari Laura DiBella Xitoyning Panama kemalarini ushlab qolishi Panama va AQSHga ta’sir ko‘rsatishini aytdi. “Bu kuchaytirilgan tekshiruvlar norasmiy ko‘rsatmalar asosida amalga oshirilgan va Xitoy Hutchison port aktivlari topshirilganidan keyin Panamani jazolashga qaratilgan”, dedi u.
Panama qarori AQSH Prezidenti Donald Trampning Panama kanalini qaytarib olish tahdidlari fonida qabul qilindi. Tramp 2025 yil yanvaridagi inauguratsiya nutqida Xitoy kanalni “boshqarayotganini” da’vo qilib, AQSH “nazoratni qaytarib olishi”ni va’da qilgan edi.
CK Hutchison sho‘ba korxonasi Panama hukumatiga qarshi xalqaro arbitrajda 2 milliard dollardan ortiq zararni undirishga harakat qilmoqda. Sidney universiteti mutaxassisi Devid Smitning so‘zlariga ko‘ra, bu mojaro kemalar va dengiz savdosi xalqaro siyosatda “piyoda”ga aylanganining yana bir misolidir.
Source: www.aljazeera.com