Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand shahrida 14 yoshli qizni velosipedda ketayotganda bosib ketgan yuk mashinasi haydovchisiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Voqea 10-fevral kuni soat 14:15 atrofida Temiryo‘lchilar mahallasida sodir bo‘lgan.

Voyaga yetmagan qiz ukasi bilan mahallada velosiped uchishga chiqqan. U ichki yo‘lda ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetida to‘xtab turgan mashinaga urilgan va qatnov qismiga yiqilgan. Shu payt o‘tib kelayotgan yuk mashinasi qizni bosib ketgan, natijada u og‘ir tan jarohatlari tufayli voqea joyida halok bo‘lgan.

Marhumaning onasi: “Men ishda edim va menga qizingiz avtohalokatga uchradi, deya qo‘ng‘iroq qilishdi”, — deydi.

Sud tergovi davomida aniqlanishicha, 26 yoshli haydovchi ilgari ham yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun javobgarlikka tortilgan. Bundan tashqari, hodisa sodir bo‘lgan hududda yuk mashinalari harakati taqiqlangan bo‘lishiga qaramay, u ushbu yo‘ldan foydalangan. Sudda haydovchining transport vositasini to‘xtatish uchun texnik imkoniyati borligi to‘g‘risida xulosa e’lon qilingan.

Sud hukmiga ko‘ra, haydovchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, odam o‘limiga sabab bo‘lish) bilan aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi va 3 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. Shuningdek, sudlanuvchidan jabrlanuvchi foydasiga 20 million so‘m moddiy va 120 million so‘m ma’naviy zarar undirilishi belgilandi.

Source: www.gazeta.uz