6-may kuni Toshkentda sug‘urta va qayta sug‘urtalash bozorini rivojlantirishga bag‘ishlangan xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tdi. Unda sohaviy idoralar vakillari, xalqaro va mahalliy ekspertlar ishtirok etdi. Ular infratuzilma loyihalari jadal o‘sib borayotgan sharoitda O‘zbekiston barqaror milliy sug‘urta tizimini qanday shakllantirishi mumkinligini muhokama qildi.
Asosiy e’tibor Saudiya Arabistoni tajribasiga qaratildi. Bu mamlakat sug‘urta sektorini iqtisodiyotning muhim elementiga aylantira olgan. Shuningdek, qayta sug‘urtalashni mahalliylashtirish, xalqaro kapitalni jalb qilish hamda xatarlarni mamlakat ichida ushlab qolish bilan global bozorga integratsiya o‘rtasidagi muvozanat masalalari ham muhokama qilindi.
Saudi Insurance Authority sug‘urta regulyatorining prudensial nazorat bo‘yicha bosh direktor o‘rinbosari Bassam Al-Bader Saudiya Arabistoni 20 yil ichida deyarli tartibga solinmagan, xorijiy filiallar ustunlik qilgan sug‘urta bozorini milliy iqtisodiyotning muhim drayverlaridan biriga aylantirgani haqida so‘zladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1990-yillar o‘rtalarida Saudiya Arabistoni sug‘urta bozori amalda to‘liq normativ tartibga solishsiz faoliyat yuritardi. 2003-yilda Markaziy bank ilk sug‘urta normalarini joriy qildi, zamonaviy bozorning asosiy poydevori esa majburiy sug‘urta turlari — avtosug‘urta va tibbiy sug‘urtani kiritish bilan yaratildi.
Asosiy transformatsiya Vision 2030 davlat dasturi ishga tushirilganidan keyin yuz berdi. Shu dastur tufayli sug‘urta mamlakat moliyaviy tizimining eng muhim elementlaridan biri sifatida tan olindi. 2023-yilda mustaqil regulyator — Saudi Insurance Authority tashkil etildi. Islohotlar boshlangan 2000-yillardan buyon yig‘iladigan sug‘urta mukofotlari hajmi taxminan 20 barobar oshdi. Sug‘urta sektori ulushi neftdan tashqari YAIMda 1,6 foizdan 2,4 foizgacha ko‘tarildi. Mahalliy kadrlar tayyorlashda ham jiddiy o‘sish kuzatildi: mahalliy mutaxassislar ulushi 40 foizdan 85 foizga yetgan.
Bassam Al-Baderning ta’kidlashicha, idora ongli ravishda qattiq “nazoratchi” rolidan chekinib, bozor ishtirokchilari bilan ochiq muloqotga tayangan. “Ishni boshlash uchun hammasini mukammal qilish shart emas. Jarayonni hozir boshlab, qoidalarni yo‘l-yo‘lakay to‘g‘rilab borish mumkin”, — deya qayd etdi Al-Bader. Regulyator sun’iy intellekt va avtomobil telematikasi kabi yangi g‘oyalarni sinovdan o‘tkazish imkonini beruvchi maxsus normativ “qumdon” yaratgan.
Tarixan qirollikdagi yirik infratuzilma loyihalari xorijda sug‘urtalangan — xatarlarning 95 foizigacha qismi ofshorlarga o‘tkazilgan. Biroq izchil siyosat va mahalliy kompaniyalar reytinglarining oshishi tufayli vaziyat o‘zgarmoqda. Bugun kichik loyihalar bo‘yicha xatarlarni mamlakat ichida ushlab qolish darajasi allaqachon 100 foizga yetgan, yirik obyektlarda esa mahalliy kapital ulushi bosqichma-bosqich 30-50 foizlik maqsadli ko‘rsatkichgacha oshirilmoqda.
O‘zbekiston sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari uyushmasi raisi Oybek Xalilov xorijiy o‘yinchilarni jalb qilish strategiyasi haqida so‘radi. Al-Baderning tushuntirishicha, Saudiya yondashuvi ofshor hududlar yaratish o‘rniga xorijiy kompaniyalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ichki bozorda ishlashga taklif qilmoqda. Shuningdek, “birinchi rad etish huquqi” qoidasi joriy qilingan: kompaniya avval xatarni mahalliy qayta sug‘urtalovchilarga taklif qilishi shart. Mahalliy ishtirokchilar kamida 30 foizlik kvotani olgandan keyingina xalqaro bozorga chiqishga ruxsat beriladi.
Milliy qayta sug‘urta kompaniyasi vakili Shohrux Rahimovning qo‘shimcha qilishicha, o‘tgan yildan O‘zbekistonda ham xatarlarni xorijiy qayta sug‘urtalovchilarga berishdan oldin ularni mamlakat ichida ushlab qolish ustuvorligini nazarda tutuvchi qonunchilik o‘zgarishlari kuchga kirgan. Oybek Xalilovning tushuntirishicha, endilikda xorijiy qayta sug‘urtaga berilishi rejalashtirilgan barcha xatarlar birinchi navbatda milliy qayta sug‘urta kompaniyasiga taklif qilinishi kerak. Faqat ichki sig‘im to‘liq tugaganidan keyingina qolgan ulushni xalqaro bozorga chiqarishga ruxsat beriladi.
INDECS konsalting kompaniyasi asoschisi Barri Uilyamsning aytishicha, xalqaro brokerlar va kreditorlar sindikatlari uchun bunday qoidalar muayyan qiyinchiliklar tug‘diradi. Uning ta’kidlashicha, kreditorlar doim sug‘urta himoyasining ishonchliligiga ishonch izlaydi. Agar kelajakda sug‘urta dasturi tuzilmasi qanday bo‘lishi borasida noaniqlik mavjud bo‘lsa, kreditorlarga investitsiya kiritish ancha qiyin bo‘ladi.
Marsh sug‘urta brokerida Osiyo yo‘nalishi rahbari Mark Vermeyrenning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda loyihalar ko‘lami jadal o‘smoqda. Ayrim aktivlar qiymati bugun yarim milliarddan 1,5 mlrd dollargacha yetadi, ularning ekspluatatsiya muddati esa 20 yildan oshadi. “Sug‘urta va qayta sug‘urtalash — bu shunchaki xarajat moddasi emas. Ha, albatta, bu xarajat, ammo bu O‘zbekistonning energetik o‘tish jarayonini kengaytirish, kapital jalb qilish va barqarorlikni saqlash imkonini beruvchi infratuzilmaning o‘ta muhim elementi”, — deya ta’kidladi Vermeyren.
Global qayta sug‘urtalovchilar butun dunyo bo‘ylab diversifikatsiya qilingan portfellari hisobiga ulkan va kam uchraydigan zararlarni o‘zlashtira oladi. Ekspertning fikricha, ishonchli qayta sug‘urta himoyasining mavjudligi xalqaro kapitalga chiqishning asosiy sharti hisoblanadi.
Uchrashuvni yakunlar ekan, Marsh’ning IMEA mintaqasida Power and Renewables yo‘nalishlari bo‘yicha katta vitse-prezidenti Ebigeyl Simpson Saudiya Arabistoni sug‘urta mukofotlarini mamlakat ichida ushlab qolishni majburiy va oldindan bashorat qilish mumkin bo‘lgan turlardan boshlaganini eslatdi. Ekspert fikricha, iqtisodiy o‘sish bosqichini boshdan kechirayotgan O‘zbekiston uchun bu saboq ayni muddao.
Source: www.gazeta.uz