Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

BP xalqaro energetika kompaniyasining Shimoliy Ustyurt bloklari bo‘yicha mahsulot taqsimotiga oid bitimga qo‘shilishi loyihani amalga oshirishni tezlashtirish va uni yuqoriroq texnologik bosqichga olib chiqish imkonini beradi. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” bosh geologi Nodir Muhiddinov 13-may kuni jurnalistlar bilan suhbatda ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, BP’ning loyihaga kirishi “dunyoga mashhur, texnologik jihatdan juda rivojlangan va neft-gaz sohasida katta salohiyatga ega tajribali kompaniya” ishtirokini anglatadi. “Bu Ustyurtning istiqbolli neft va gaz konlarini ochish, mintaqaning istiqbolli hududlarini geologik qidiruv ishlari orqali o‘rganish va yangi konlarni kashf qilish imkonini yaratadi”, — dedi bosh geolog.

BP investitsiyalari hajmi haqidagi savolga javob berar ekan, “O‘zbekneftgaz” vakili sarmoya miqdori mahsulot taqsimotiga oid bitim shartlari asosida belgilanishini aytdi. Bitim Qoraqalpog‘istonning Ustyurt hududida joylashgan Boyterak, Terengquduq, Birqori, Haroy, Qoraqalpoq va Qulboy bloklarini qamrab oladi. Loyiha “O‘zbekneftgaz” va SOCAR bilan hamkorlikda amalga oshiriladi.

BP mahsulot taqsimotiga oid bitimda umumiy 40 foiz ishtirok ulushini qo‘lga kiritdi — kompaniya amaldagi hamkorlar bo‘lgan SOCAR va “O‘zbekneftgaz”ning har biridan 20 foizdan ulush oldi. BP qo‘shilganidan keyin bitimdagi ulushlar quyidagicha taqsimlandi: BP — 40%, “O‘zbekneftgaz” — 30% va operator maqomiga ega SOCAR — 30%.

“Hozir ushbu bitimning asosiy maqsadi — geologik qidiruv ishlarini olib borish, ya’ni yangi konlarni ochish. Yangi resurslar va yangi konlar aniqlanganidan keyin, qazib olish va gaz yetkazib berish boshlangach, uni taqsimlash masalasi ko‘rib chiqiladi. Hozir birinchi navbatdagi vazifa — geologik qidiruv ishlari yakunlari bo‘yicha yangi konlarni ochish. Loyihaning asosiy maqsadi — yangi kon ochish va yangi zaxiralarni aniqlash”, — dedi Nodir Muhiddinov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, SOCAR va BP xalqaro tajribaga ega kompaniyalar sifatida loyihaning geologik va texnologik xatarlarini hisobga olmoqda. O‘zbekiston uchun foyda haqidagi savolga javob berar ekan, bosh geolog konlar mamlakat mulki bo‘lib qolishini va xorijiy investorlarga berilmasligini ta’kidladi.

“O‘zbekiston manfaatlari, albatta, yaxshi himoya qilingan. Chunki bitim imzolanganda, birinchidan, “O‘zbekneftgaz”ning katta ulushi saqlanib qoladi. Ikkinchidan, shuni yaxshi tushunish kerakki, kon ochilganidan keyin ham u O‘zbekiston koni bo‘lib qoladi. Ya’ni keyinchalik shartnoma asosida faqat qazib olingan mahsulot taqsimlanadi. Ammo konning o‘zi O‘zbekistonniki hisoblanadi, u to‘liq xorijiy investorlarga berilmaydi”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mahsulot taqsimoti faqat kon ochilib, loyihadan samara olinganidan keyin boshlanadi. “Bu yerda mahsulot faqat kon ochilib, undan samara olinganidan keyin tegishli sxema va o‘zaro taqsimlash tizimi asosida taqsimlanadi. Shu bilan birga, bitimda barcha tomonlar, ayniqsa birinchi navbatda O‘zbekistonning iqtisodiy manfaatlari sezilarli darajada hisobga olinishi nazarda tutilgan”, — dedi Muhiddinov.

U, shuningdek, qazib olinadigan mahsulot ichki ehtiyojlarga ham yo‘naltirilishini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyihaning birinchi bosqichi besh yilga mo‘ljallangan bo‘lib, keyingi amalga oshirish ishlar natijalariga bog‘liq bo‘ladi. Mahsulotning qay qismi ichki bozorga, qay qismi eksportga yo‘naltirilishi haqidagi savolga javoban Nodir Muhiddinov bu hozircha ochiqlanmaydigan tijorat masalalari ekanini aytdi.

Ehtimoliy zaxiralar haqida gapirar ekan, “O‘zbekneftgaz” bosh geologi aniq hajmlarni aytishga hali erta ekanini, chunki seysmik qidiruv ishlari endi boshlanganini bildirdi. “Chunki geofizik ishlar yakunlariga ko‘ra, birinchi navbatda chuqur burg‘ulash ishlari olib boriladi. Zaxiralar haqida faqat shundan keyin gapirish mumkin bo‘ladi”, — dedi u.

2025-yil 24-iyul kuni O‘zbekiston Energetika vazirligi, Ozarbayjon Davlat neft kompaniyasi (SOCAR) va “O‘zbekneftgaz” o‘rtasida mahsulot taqsimotiga oid bitim imzolandi. Hujjat Ustyurt neft-gaz mintaqasi — Boyterak, Terengquduq, Birgori, Xaroy, Qoraqalpoq va Qulboy investitsion bloklarida geologik qidiruv ishlarini olib borish va keyinchalik uglevodorodlarni qazib olishni ko‘zda tutadi.

Hujjatga ko‘ra, qidiruv va kuzatuv ishlarini, shuningdek, kamida bitta qidiruv qudug‘ini burg‘ilashni besh yil ichida yakunlash ko‘zda tutilgan. Bu davrda SOCAR operator sifatida ishlaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, loyiha doirasida 100 mln tonnagacha neft va 35 mlrd kubometr gaz zaxiralari aniqlanishi mumkin. Rejalashtirilayotgan investitsiyalar hajmi 2 mlrd dollar miqdorida baholanmoqda.

SOCAR va BP kompaniyalari Qoraqalpog‘istonning Ustyurt mintaqasiga ancha avvalroq qiziqish bildirgandi. 2018-yil may oyida “O‘zbekneftgaz”, SOCAR va BP Exploration (Caspian Sea) kompaniyalarni Ustyurt platosining Orol dengizi, Som-Qosbulak va Boyterek investitsiya bloklarini birgalikda ochishga taklif qiluvchi memorandum imzolagan.

2021-yilda BP Ustyurt neft-gaz konini rivojlantirish loyihasidan chiqqan. Britaniya kompaniyasining chiqib ketishi sababi sifatida strategiyadagi o‘zgarish — “yashil” yo‘l tanlangani va uglevodorodlarga yangi sarmoyalar kiritishdan voz kechilgani keltirilgan. Biroq Britaniya kompaniyasi o‘z strategiyasini yana qayta ko‘rib chiqmoqda: 2030-yilgacha neft va gaz qazib olishni qisqartirish rejalaridan voz kechib, investorlarning daromadini oshirish uchun uglevodorodlarga e’tibor qaratmoqda.

Mahsulot taqsimotiga oid bitim — xorijiy investorga foydali qazilmalarni qazib olish huquqini beruvchi shartnoma bo‘lib, unga ko‘ra qazib olingan mahsulotning bir qismi investorda qoladi, qolgan qismi esa davlatga o‘tadi. MTB sanoat miqyosida ekspluatatsiya jarayonida tomonlar xarajatlarni qoplagandan keyin qazib olingan neft yoki gazning qancha ulushini olishini belgilaydi.

Source: www.gazeta.uz