Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Jahon meteorologik tashkiloti yoz uchun o‘z kutilmalarini e’lon qilmadi. Shuning uchun uning o‘tgan oydagi dunyo bo‘ylab may, iyun va iyul oylari uchun maslahatomuz prognozlaridan foydalanib, joriy iyun oyi uchun ehtimoliy kutilmalarni taxmin qilish mumkin. Unda Tinch okeanining ekvator qismida suv harorati tez ko‘tarilayotgani keltirilgan. Bu esa 2026-yil may-iyul oylaridayoq El-Nino hodisasi qayta boshlanishi ehtimoli yuqori ekanini ko‘rsatyapti.

Tinch okeani markazida allaqachon kuchsiz El-Nino rivojlangan bo‘lib, u asta-sekin dunyo iqlimi uchun turli syurprizlarni bera boshlamoqda. Kuchsiz El-Nino boshlangan o‘tmish yozlarda bizning mintaqada uzoq muddatli qurg‘oqchiliklar va jaziramalar deyarli kuzatilmagan. Har holda, bizda uzoq yillik taqvimlar bo‘yicha shunday tamoyil bor. El-Nino joriy oyda emas, balki yozning ikkinchi yarmi va kuzda o‘z ta’sirini kuchaytirishi mumkin.

E’tiborlisi, ko‘plab meteokuzatuv stansiyalarida kuzatuvlar davridagi eng issiq havo harorati rekordlari aynan iyunda qayd etilgan. Maktab darsliklarida O‘zbekistonda eng yuqori harorat Termizda kuzatilgan va o‘shanda termometr ustunchalari +50 darajaga yetgan degan biroz yanglish ma’lumot keltiriladi. Aslida O‘zbekistondagi mavjud meteokuzatuv punktlarida o‘tgan 100 yil, ba’zi joylarda 150 yil ichida biror marta ham havo harorati +50 darajaga yetmagan, shu qiymatga yaqinlashgan, xolos.

Shuningdek, eng yuqori harorat qiymatlari O‘zbekiston janubida emas, balki Qizilqum cho‘llarida kuzatilgan. 1983-yilda O‘zbekiston hududiga kirib kelgan navbatdagi termik depressiya respublikada uzoqroq muddat saqlanib, O‘zgidromet stansiyalarining yarmidan ko‘pida mutlaq issiqlik rekordlarini o‘rnatib ketgan.

O‘zgidromet o‘zining iyun oyi uchun taqdim etgan maslahatomuz ob-havo prognozida joriy oy harorati va yog‘ingarchiligining ko‘p yillik oylik me’yorga nisbatan qanday chetlashishi mumkinligini omma bilan bo‘lishmadi. Bunda kuzatuvchilarda iyun oyi sernam yoki quruq, harorat bo‘yicha issiq yoki salqin kelishi mumkinligi bilan bog‘liq savollariga javob olish mavhumligicha qoladi.

Shunga qaramay, o‘zbek sinoptiklari asosiy yog‘ingarchiliklar iyunning birinchi o‘n besh kunligida bo‘lishi, oyning boshlaridagi 3 kunlikda joylarda chaqmoq-momaqaldiroqli vaziyatlar bo‘lishiga e’tibor qaratgan. Sinoptiklar oy davomida havo harorati maksimumlari ko‘plab hududlarda +30…+35 darajadan +35…+40 daraja issiqlik tomon “karusel” kabi tez o‘zgaruvchan bo‘lishi, ayrim kunlarda shimol, cho‘l va janub tomonlarda harorat maksimumlari +40…+42 darajagacha yetishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Ushbu prognoz asosida oy salqinroq va yog‘ingarchilik kesimida biroz namgarchil o‘tishi mumkinligini chamalash mumkin. Oldin ham yozganimizdek, O‘zbekistonda yaqin bir oylik ob-havo prognozlarini tuzishda dunyodagi 5 ga yaqin yirik alomatning ayni bugungi kundagi holati va ularning oylik prognozlariga e’tibor qaratib, yurtimizda iyunda kutilayotgan yog‘ingarchilik va haroratning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan qanday chetlashishlarga ega bo‘lishi mumkinligini ko‘rib chiqish mumkin.

Tinch okeani markazidagi suv harorati va nihoyat barqaror isib borish tamoyiliga uchrab, ayni kunlarda neytral holatdan kuchsiz El-Nino holatiga o‘tish qayd etilmoqda. Ha, Tinch okeani markazida asta El-Nino rivojlana boshlamoqda. Bu kabi jarayon endi dunyoda turli xil iqlim anomaliyalari ortishiga, dovullar, suv toshqinlari, yirik hajmdagi do‘l hodisalari ko‘payishiga olib keladi. Ayrim hududlarda esa rekord darajadagi issiqlik to‘lqinlari, qurg‘oqchiliklar kuchayadi.

Hozirda Atlantika okeani shimolidagi Shimoliy Atlantika sirkulyatsiya fazasi iyun boshlarida neytral fazadan musbat fazaga o‘tish holatida bo‘lib turibdi. Umuman olganda, ushbu alomat o‘tgan may oyida to‘liq manfiy fazada rivojlanib, shuning uchun bizning mintaqada namgarchilikning ijobiy bo‘lishini ta’minladi. Prognozlarga ko‘ra, iyunda ushbu hodisa musbat fazada bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu esa Yevropa tomonlar uchun ijobiy bo‘lib, namlikning o‘sha tomonlarda ko‘proq bo‘lishi, yog‘ingarchilik rejimga ijobiy ta’sir etishini anglatadi. Bizda esa bunday vaziyat agar kuz-qish, bahor boshlarida bo‘lganda, quruq ob-havo bo‘lishi ta’minlanar edi. Yoz oylarida ushbu hodisaning O‘zbekiston yog‘ingarchiligiga ta’siri katta emasligi yaqinda yozilgan ilmiy tadqiqotda ma’lum bo‘ldi.

Hind okeani shimolidagi suv harorati mintaqada qish-bahor mavsumidagi yog‘in quvvatini hal qiluvchi yana bir alomat sifatida qaralib, hozirda u musbat fazada turibdi. Butun iyun davomida musbat fazadagi hodisaga guvohi bo‘lishimiz bilan bog‘liq prognozlar taqdim etilmoqda. Bu kabi holat ham bizga janubdan kirib keluvchi nam havo oqimlari quvvatini kuchaytirib berish mexanizmi bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

Iyun oyida havo haroratining keskin sovib ketishi bilan bog‘liq kutilmalar hozircha yo‘q. Shunday qilib, yuqoridagi 5 alomat, dunyoning turli ob-havo prognoz markaz ma’lumotlari hamda joriy mavsumga yaqinroq bo‘lgan o‘tmish analog yil ma’lumotlari asosida iyunda kutilayotgan oylik yog‘ingarchilik va oylik havo haroratning ko‘p yillik iqlimiy me’yordan chetlashish xaritalarini tuzib chiqdik.

Unga ko‘ra, iyunda oylik harorat Samarqand, Toshkent, Sirdaryo va vodiy viloyatlari, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarining katta qismida oy bo‘yicha umumiy olganda biroz salqin, Surxondaryo viloyati katta qismi, Qizilqum cho‘llari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati hududlarida me’yorga yaqin va undan biroz yuqori bo‘lishi oydinlashadi.

Yog‘ingarchilik kesimida hududlarda yog‘in taqsimoti xar xil: joriy iyundagi yog‘in shakli mart, aprel yoki maydagi kabi bo‘lmasligi aniq. Shuningdek, juda shiddatli, chaqmoq-momaqaldiroq xususiyatli bo‘lishi kutilyapti. Boshqacha aytganda, bir tumanning qaysidir qismida ikki-uch nam havo oqimidan umuman bir tomchi ham yomg‘ir yog‘ib o‘tmasligi mumkin. Bunday paytda yomg‘ir o‘rni kuchli shamol va changli bo‘ronlar bilan kompensatsiya qilinadi.

Shunga qaramay, Qizilqum cho‘llarining katta qismi va Surxondaryo viloyati katta qismida joriy iyunda me’yordan kamroq yog‘ingarchiliklar bo‘lishi oydinlashmoqda. Asosiy yog‘ingarchiliklar Qashqadaryo, Samarqand, Jizzax viloyatlari tog‘ etaklarida, shuningdek, vodiy, Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hududlarida ham me’yordan 150% gacha chetlashishga ega yog‘inlar kuzatilishi mumkin. Iyun oyida me’yorning 150 foizi ham mutlaq miqdorda katta yog‘in degani emas, ammo yog‘inlarning qisqa vaqtda juda kuchli yog‘ishi sel xavfini oshiradi.

Shunday qilib, oyning birinchi va ikkinchi o‘n kunliklarida issiq va jala yomg‘irli salqin havolar ketma-ket o‘rin almashishi, ehtimoliy uchinchi o‘n kunlik o‘rtalarida ko‘p kunlik barqaror issiq kunlar kuzatilishi mumkin. Aytgancha, ikkinchi o‘n kunlikda kam bo‘lsa ham bir-ikki kunlik yoz jaziramalari kuzatilishi kutilmoqda.

Joriy iyunda qisqa muddatli jazirama dim kunlar fonida salqin kunlar bilan o‘rin almashuvchi yoz boshlariga guvoh bo‘lamiz, tog‘lar, vodiy va yana ayrim viloyatlarda ko‘p yog‘inlar kuzatilishi mumkin. Takror bo‘lsa-da, shuni yana bir bor alohida ta’kidlash joizki, uzoq muddatli, xususan, oylik va mavsumiy ob-havo prognozlarining o‘zini oqlash darajasi ancha past. Bahor-yoz mavsumida har bir oy uchun 70−80 foizdan yuqori aniqlikda prognoz bera oladigan usullar hozircha mavjud emas.

Source: www.gazeta.uz