Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Transport vaziri Ilhom Mahkamov Qonunchilik palatasida temir yo‘l transporti masalalari bo‘yicha hisobot berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Buxoro – Urganch – Xiva yo‘nalishida elektropoyezdlar harakati joriy yil oxirigacha yo‘lga qo‘yiladi.

Toshkent – Samarqand alohida tezyurar temir yo‘l liniyasi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslanishining yakuniy tahriri ishlab chiqildi. Loyihani yakunlash va 2030 yilgacha poyezdlar harakatini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Urganch xalqaro aeroportini Urganch shahri bilan bog‘laydigan 10,8 kilometrlik temir yo‘l liniyasi qurilishi faol davom etmoqda. 1 avgustgacha bu liniya elektrlashtirilgan temir yo‘l sifatida qurilib, zamonaviy elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yiladi.

Joriy yil oxirigacha Toshkent aglomeratsiyasiga keladigan elektropoyezdlarni jamoat transporti bilan integratsiyalashuvchi transport tutashuv tugunlari yaratiladi. Xususan, “Cho‘shtepa”, “Shahriston” va “Turon” metro stansiyalari yonida temir yo‘l bekatlari quriladi.

2024 yilda Rossiyadan ikkita zamonaviy EP3D elektropoyezdi yetkazib berildi va Toshkent – Xo‘jakent – Chirchiq yo‘nalishida ishga tushirildi. Joriy yilda xorijiy hamkorlar bilan birgalikda ikkita zamonaviy elektropoyezd ishlab chiqarildi. Ulardan biri 30 apreldan Farg‘ona vodiysida halqa yo‘nalishida qatnay boshladi. Iyuldan ikkinchi elektropoyezd Toshkent – G‘azalkent – Xo‘jakent va yangi qurilgan Toshkent – Parkent yo‘nalishlarida ishga tushiriladi.

Shuningdek, joriy yilda ikkita “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar elektropoyezdi yetkazib berildi. Yana 4 ta shunday poyezd yetkazib berilishi rejalashtirilgan. Hozirda Toshkent – Xiva – Toshkent yo‘nalishida elektropoyezdlar sinovdan o‘tkazilmoqda. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlangach, muntazam qatnov yo‘lga qo‘yiladi.

Mavjud Toshkent – Andijon va Toshkent – Termiz temir yo‘l liniyalarini modernizatsiya qilish va ushbu yo‘nalishlarda Xitoyning CRRC kompaniyasi ishlab chiqargan sakkizta tezyurar elektropoyezdini ishga tushirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Tog‘ dovonlaridan o‘tuvchi ushbu yo‘nalishlarda maxsus tarkiblar ishlatiladi, shuningdek, qo‘shimcha to‘rtta “Jaloliddin Manguberdi” tezyurar poyezdi yetkazib beriladi.

Chexiyaning Skoda Transportation kompaniyasidan 10 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish rejalashtirilgan, bu talabgir yo‘nalishlarda yiliga qo‘shimcha 5,2 million yo‘lovchini tashish imkonini beradi. Skoda Transportation bilan elektropoyezdlar ishlab chiqarishni boshlash bo‘yicha memorandum imzolangan. 2027 yildan boshlab elektropoyezdlar yetkazib beriladi va bosqichma-bosqich quyidagi yo‘nalishlarda harakat yo‘lga qo‘yiladi: Termiz – Samarqand, Urganch – Nukus, Toshkent – Angren, Toshkent – Bekobod, Toshkent – Boysun – Qo‘rg‘on, Samarqand – Qarshi – Shahrisabz, Toshkent – Angren, Toshkent – Xo‘jakent – Chirchiq. Shuningdek, boshqa Yevropa kompaniyalari bilan yana 10 ta zamonaviy elektropoyezd sotib olish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Source: kun.uz