O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari may oyida 307,3 million dollarga kamayib, 1-iyun holatiga 70,58 milliard dollarni tashkil etdi. Bu Markaziy bank ma’lumotlaridan kelib chiqadi.
Mart oyida zaxiralar hajmi sezilarli — 68,99 milliard dollargacha (-10,5 foiz) qisqarib, aprelda asosan xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi ortishi hisobiga o‘sish biroz tiklangan va zaxiralar hajmi 70,9 milliard dollarni tashkil etgan edi.
May oyida xalqaro zaxiralarda xorijiy valyutadagi aktivlar hajmi 1,5 milliard dollarga qisqardi.
Zaxiralardagi oltinning qiymati 61,59 milliard dollardan 61,44 milliard dollargacha (-1,56 milliard) kamaydi. Markaziy bankning izohlashicha, oltin qiymatining tushishi oy davomida oltin narxining 4625,80 dollardan 4516,85 dollargacha pasayishi hisobiga yuzaga kelgan. Ayni paytda zaxiralardagi oltinning fizik hajmi 13,6 million (+0,3 million) troy unsiyagacha ortdi.
Xalqaro standartlarga ko‘ra, O‘zbekiston xalqaro zaxiralarida oltinning ulushi juda yuqoriligicha qolmoqda. Markaziy bank avvalroq zaxiralar tarkibida oltin ulushining yuqoriligi aktivlarni boshqarishdagi konservativ yondashuvni aks ettirishini ta’kidlagan edi. Shu bilan birga, regulyator qimmatbaho metallar narxining o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq xatarlarni hisobga olgan holda, portfelni bosqichma-bosqich diversifikatsiya qilishni boshladi.
Xalqaro zaxiralar makroiqtisodiy barqarorlikning asosiy vositasi bo‘lib qolmoqda. Ular milliy valyuta kursining tebranishlarini yumshatish, tashqi majburiyatlarga xizmat ko‘rsatish, inqirozli vaziyatlarda importni moliyalashtirish hamda iqtisodiyotni tashqi shoklardan — xomashyo narxlarining tushishidan tortib, moliya bozorlaridagi turbulentlikkacha bo‘lgan xavflardan himoya qilish imkonini beradi.
Source: www.gazeta.uz