Raqobat qo‘mitasi qurilish sohasidagi muammolar yuzasidan murojaatlar soni ortib borayotgani haqida ma’lum qildi. Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda ushbu yo‘nalishdagi qonunbuzilishlar bo‘yicha 1706 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, 2026-yilning birinchi choragidayoq ularning soni qariyb mingtaga yetgan.
“Bu holat bir tomondan qo‘mita faoliyatining ochiqligi, aholi va tadbirkorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot yo‘lga qo‘yilgani hamda tizimga ishonch ortib borayotganini ko‘rsatsa, ikkinchi tomondan ayrim sohalarda qonunchilik talablariga to‘liq rioya qilinmayotganidan dalolat beradi”, — deya qayd etgan qo‘mita.
Xususan, so‘nggi vaqtlarda qurilish sohasida shartnoma shartlarining bajarilmasligi, qurilish muddatlarining cho‘zilishi va tegishli ruxsatnomalar olinmasdan turib uylar uchun oldindan to‘lovlar yig‘ilishi bilan bog‘liq murojaatlar ko‘paygan.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolar eng ko‘p qurilish ishlarining sifatsiz bajarilishi, ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun haq undirilishi, shartnoma shartlariga amal qilinmasligi, uy-joylarning belgilangan muddatlarda topshirilmasligi, texnik talablarga javob bermaydigan materiallardan foydalanilishi hamda reklamalarda va’da qilingan loyihalarning amalda bajarilmasligidan shikoyat qilmoqda.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga ulush kiritish asosida uy-joy sotib olayotganda yoki yangi qurilgan ko‘p qavatli uy-joylardan xonadon xarid qilayotganda shartnoma shartlarini sinchiklab o‘rganishni tavsiya qildi. Xususan, quruvchi va xaridorning huquq hamda majburiyatlari, qurilish va foydalanishga topshirish muddatlari, shuningdek, muddatlar buzilganda javobgarlik choralari nazarda tutilganiga e’tibor qaratish so‘ralgan.
Qo‘mita eslatishicha, prezidentning PQ-4732-son qaroriga muvofiq, ko‘p kvartirali uylarni ulush asosida qurish uchun aholi yoki tashkilotlar mablag‘larini jalb qilish huquqi faqat yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan va maxsus elektron reyestrga kiritilgan quruvchi kompaniyalarga beriladi.
Shuningdek, prezidentning PF-246-son farmoniga ko‘ra, xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi hisob-kitoblarning shaffofligi hamda tomonlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida to‘lovlar eskrou hisobvaraqlari orqali, jumladan, bank kassalari yoki naqdsiz hisob-kitob shaklida amalga oshirilishi belgilangan.
Raqobat qo‘mitasi quruvchi korxonalarni ham ogohlantirib, “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq iste’molchilar sifatli tovar va xizmatlarni talab qilish, yetkazilgan moddiy hamda ma’naviy zararning to‘liq qoplanishini so‘rash huquqiga egaligini eslatdi.
Qo‘mita barcha quruvchi korxonalarni fuqarolar bilan shartnomalarni qonunchilik talablariga muvofiq tuzishga, qurilishni yakunlash imkoniyatidan kelib chiqib aniq va asosli muddatlarni belgilashga hamda iste’molchilarning qonuniy huquqlarini cheklamaslikka chaqirdi. Qonunchilik talablari buzilgan taqdirda tegishli ta’sir choralari qo‘llanishi ta’kidlandi.
Source: www.gazeta.uz