Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanidagi maishiy gaz ballonlariga suyultirilgan gaz quyish shoxobchasida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) xabariga ko‘ra, voqea 8-iyun kuni soat 13:50 da yuz bergan.

Hodisa haqida xabar olingach, Qashqadaryo viloyati FVBga 5 ta qutqaruv bo‘linmasi safarbar etildi. Qutqaruvchilar soat 14:02 da voqea joyiga yetib borgan va yong‘in soat 14:05 da o‘rab olingan. Yong‘in soat 14:55 da to‘liq o‘chirilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, portlash oqibatida 4 ta avtomobil (2 ta Cobalt va 2 ta gaz tashishga mo‘ljallangan avtomobil) hamda 2 ta yer osti yoqilg‘i saqlash rezervuari yonib zararlangan. Ayanchli hodisa natijasida 6 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 5 nafar fuqaro turli darajadagi tan jarohatlari bilan shifoxonaga yotqizilgan.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshiriqlariga asosan, Vazirlar Mahkamasi tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari Achilbay Ramatov boshchiligida Hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tarkibiga mas’ul vazirlik va idoralar vakillari kiritilgan.

Hukumat komissiyasiga jabrlanganlarga zarur yordam ko‘rsatish, portlash oqibatlarini bartaraf qilish, baxtsiz hodisaning sabablarini aniqlash va kelgusida bunday noxush holatlarning oldini olish choralarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan. Hozirda yong‘in sodir bo‘lgan hudud to‘liq nazoratga olingan va oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom etmoqda.

Source: www.gazeta.uz