Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi rahbariyati rivojlangan mamlakatlarning eksport-sug‘urta agentliklari rahbarlari, shuningdek, AQSh EximBank prezidenti va raisi Jon Yovanovich bilan bir qator muzokaralar o‘tkazdi.

Muzokaralarda Shveytsariyaning SERV, Fransiyaning BPI France, Italiyaning SACE, Germaniyaning Euler Hermes, Buyuk Britaniyaning UKEF va Daniyaning EIFO eksport-kredit agentliklari rahbarlari ishtirok etdi.

Muzokara ishtirokchilari Toshkent xalqaro investitsiya forumining o‘tkazilish darajasiga eng yuqori baho berib, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning forum ochilishidagi nutqida taqdim etilgan iqtisodiy islohotlarning holati va istiqbollari haqidagi ta’sirchan manzarani alohida qayd etdilar.

Shuningdek, muzokara ishtirokchilari iqtisodiyotdagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va tez iqtisodiy o‘sish dunyoning yetakchi iqtisodiyotlaridagi investorlarning O‘zbekiston bilan investitsiya hamkorligiga katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladilar.

Forum davomida mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, kimyo sanoati, farmatsevtika, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bir qator shartnomalar imzolanganligi, ular yuqoridagi eksport-sug‘urta agentliklari tomonidan moliyalashtirilishi qayd etildi.

Bundan tashqari, “O‘zbekinvest”ning O‘zbekiston tomonidan suveren kafolat talab qilmasdan, yuqoridagi mamlakatlardan kichik va o‘rta biznes sohasidagi investitsiya loyihalarini 10 million AQSh dollarigacha sug‘urta qo‘llab-quvvatlash tashabbusi yuqori baholandi.

Muzokaralar davomida hamkorlik mexanizmlari va ishbilarmonlik axboroti almashish kanallari, loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish jarayonlarini tezlashtirish, O‘zbekiston iqtisodiyotining barqaror rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Source: kun.uz