O‘zbekiston terma jamoasi himoyachisi Abduqodir Husanov Jahon chempionati doirasidagi Kolumbiyaga qarshi o‘yinda jarohat olgan operatorga o‘zining dastxati va “I am sorry” yozuvi tushirilgan futbolkasini yubordi. Bu haqda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) rasmiy xabar berdi.
Hodisa payshanba kuni bo‘lib o‘tgan “K” guruhi o‘yinining birinchi bo‘limida sodir bo‘ldi. “Manchester Siti”ning 22 yoshli futbolchisi maydon chetida Kolumbiya terma jamoasi hujumchisi Luis Dias bilan to‘p uchun kurashayotganda translyatsiya kamerasi operatori bilan to‘qnashib ketdi.
Zarba natijasida operator yiqilib, tibbiy yordam ko‘rsatilgach, shifoxonaga olib ketildi. Keyinroq O‘FA vakillari jabrlanuvchini borib ko‘rdi va unga Husanovning dastxati tushirilgan futbolkani topshirdi. Futbolchi operatorga tezroq sog‘ayib ketishini tiladi.
“Himoyachimiz operatorga tez fursatlarda sog‘ayib ketishini tiladi va o‘zining samimiy tilaklarini yo‘lladi”, — deyiladi assotsiatsiya xabarida. Ushbu vaziyat uchun Husanov sariq kartochka oldi.
O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixidagi ilk jahon chempionati o‘yinida Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Terma jamoa murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z shogirdlari bilan faxrlanishini ma’lum qildi va jamoa raqib gollar bilan jazolagan xatolarni unutmasligi kerakligini ta’kidladi.
O‘zbekiston terma jamoasi navbatdagi uchrashuvni 23-iyun kuni Portugaliyaga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da boshlanadi.
Source: www.gazeta.uz