Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida ko‘rsatilayotgan xizmatlar narxlari bo‘yicha o‘rganish o‘tkazdi. Idora matbuot xizmati xabariga ko‘ra, aprel oyida boshlangan tekshiruvlar doirasida may oyiga qadar 8 ta yirik tibbiyot markazi tekshirildi.
Dastlabki natijalarga ko‘ra, ayrim holatlarda tariflarni shakllantirish bo‘yicha belgilangan talablarga to‘liq rioya etilmagani aniqlangan. Shu munosabat bilan o‘rganish o‘tkazilgan markazlarga tariflarni amaldagi tartib va talablar asosida qayta shakllantirish hamda narxlarni maqbullashtirish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Qo‘mita o‘rganish yakunlari bo‘yicha tibbiyot tizimida narxlarni arzonlashtirishga qaratilgan umumiy takliflarni ishlab chiqib, vakolatli davlat organlariga taqdim etishini ma’lum qildi. Ushbu chora-tadbirlar aholining sifatli va arzon tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz