Jahon chempionati-2026 guruh bosqichining ikkinchi turida Portugaliya terma jamoasi O‘zbekistonni 5:0 hisobida tor-mor keltirdi. Uchrashov Texas shtatining Xyuston shahridagi stadionda bo‘lib o‘tdi.
O‘yin 6-daqiqada Krishtianu Ronaldu goli bilan boshlandi. Joau Kanselu uzatmasidan so‘ng Ronaldu to‘pni darvozaga joyladi. Bu gol uning jahon chempionatlarida Portugaliya termasi safidagi to‘qqizinchi goli bo‘lib, afsonaviy Eysebiu bilan tenglashdi.
17-daqiqada Nuno Mendesh jarima zarbasini aniq bajarib, hisobni 2:0 ga yetkazdi. O‘zbekiston 29-daqiqada Aziz G‘aniyevning uzoq masofadan zarbasi bilan javob qaytardi, ammo VAR tekshiruvidan so‘ng gol bekor qilindi. Sabab – Abbosbek Fayzullayevning Joau Kanseluga nisbatan qoidabuzarligi.
Tanaffus oldidan Ronaldu yana bir gol urib, dubl qayd etdi. Bu uning jahon chempionatlaridagi o‘ninchi goli bo‘lib, Portugaliya terma jamoasi tarixidagi eng yaxshi to‘purarga aylandi.
Ikkinchi bo‘limda portugaliyaliklar ustunlikni saqlab qoldi. 60-daqiqada O‘zbekiston himoyachisi Abduqodir Husanov avtogol muallifiga aylandi – 4:0.
87-daqiqada Rafael Leau chiroyli zarba bilan yakuniy hisobni o‘rnatdi – 5:0. O‘zbekiston terma jamoasi guruhda qiyin vaziyatga tushib qoldi.
Source: kun.uz