O‘zbekiston milliy jamoasi Jahon chempionati guruh bosqichining ikkinchi o‘yinida Portugaliyaga imkoniyatni boy berdi. 23-iyun kuni Hyustonda (AQSh) bo‘lib o‘tgan uchrashuv 5:0 hisobida yakunlandi.
Raqib uchrashuvning 6-daqiqasidayoq hisobni ochdi. Joau Kanselu jarima maydonchasi ichidagi Krishtianu Ronalduga to‘pni uzatdi, u esa aniq zarba bilan to‘pni Abduvohid Ne’matov darvozasining pastki burchagiga joylab qo‘ydi.
17-daqiqada portugaliyaliklar ustunlikni ikkitaga oshirdi. Odiljon Hamrobekov jarima maydonchasiga yaqin joyda qoidani buzdi, shundan so‘ng hakam xavfli standart vaziyat belgiladi. To‘p oldida Nunu Mendesh va Krishtianu Ronaldu turgan edi, biroq zarbani aynan PSJ himoyachisi yo‘lladi. To‘p aylanib o‘tib, chap ustun yonidan joy oldi — 2:0.
29-daqiqada O‘zbekiston farqni qisqartirishi mumkin edi. Azizbek G‘aniyev qaytgan to‘pga birinchi bo‘lib yetib keldi va jarima maydonchasi tashqarisidan yo‘llagan kuchli zarbasi bilan to‘pni darvozaning yuqori burchagiga yo‘lladi. Biroq VAR tekshiruvidan so‘ng hakam golni bekor qildi: vaziyat boshida Abbosbek Fayzullayev tomonidan qoida buzilgani qayd etildi.
Tanaffusgacha Portugaliya uchinchi golni ham urdi. 39-daqiqada Brunu Fernandesh jarima maydonchasi ichida Krishtianu Ronalduni topdi, hujumchi himoyachilar nazoratisiz qoldi. Ronaldu uchun ushbu gol o‘yindagi ikkinchisi bo‘ldi.
Ikkinchi bo‘limda Fabio Kannavaro ikkita almashtirishni amalga oshirdi: Odiljon Hamrobekov o‘rniga Akmal Mozgovoy, Sherzod Nasrullayev o‘rniga esa Hojiakbar Alijonov maydonga tushdi.
60-daqiqada Portugaliya hisobni 4:0 ko‘rinishiga olib keldi. Himoyachining to‘pni uzoqlashtirishidan so‘ng portugaliyaliklar burchak to‘piga ega bo‘ldi, uni Brunu Fernandesh ijro etdi. Uzatilgan to‘p Abduqodir Husanovga tegdi, so‘ngra darvozabon Abduvohid Ne’matovning qo‘liga tegib, darvozadan joy oldi. Avtogol Ne’matov nomiga yozildi.
Yakuniy hisobni 87-daqiqada Rafael Leau o‘rnatdi. To‘p qaytganidan so‘ng jarima maydonchasi chizig‘i ustida uning ixtiyoriga kelib tushdi va Portugaliya yarim himoyachisi yuqori burchakka zarba yo‘lladi — Ne’matov to‘pga yeta olmadi.
Ikkita o‘yindan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasida hozircha ochko mavjud emas: birinchi turda Fabio Kannavaro shogirdlari Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy bergan edi.
Portugaliya O‘zbekiston ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng 4 ochko jamg‘ardi: bundan avval jamoa Kongo DR bilan durang o‘ynagan edi — 1:1. Birinchi turda O‘zbekistonni mag‘lub etgan Kolumbiya esa ikkinchi tur doirasida Kongoga qarshi o‘yin o‘tkazadi.
O‘zbekiston terma jamoasi guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvni Kongoga qarshi olib boradi. O‘yin 28-iyun kuni Toshkent vaqti bilan soat 04:30 da bo‘lib o‘tadi.
Source: www.gazeta.uz