Toshkentning Mirobod, Chilonzor va Yakkasaroy tumanlarida, shuningdek, Toshkent viloyati Zangiota tumanining ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida vaqtinchalik uzilish kuzatilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, avariya 28-iyun kuni soat 20:45 da “Yuksak” podstansiyasida yuz bergan. “Bugun soat 20:45 da Toshkent shahrida joylashgan „Yuksak“ podstansiyasidagi qurilmalar o‘chishi oqibatida keluvchi L-O‘-Yu 110 kV 1 va 2 elektr uzatish tarmoqlari favqulodda o‘chdi. Ayni paytda maxsus brigadalar tomonidan nosozlik sabablarini aniqlash va bartaraf etish ishlari olib borilmoqda”, — deya xabar berdi mamlakat magistral elektr tarmoqlari uchun mas’ul bo‘lgan “Milliy elektr tarmoqlari” kompaniyasi.
Xabarda aytilishicha, iste’molchilarni zaxira manbalar orqali elektr energiyasi bilan ta’minlash choralari ko‘rilmoqda. Energetiklar keltirilgan noqulayliklar uchun iste’molchilardan uzr so‘radi.
Avvalroq O‘zbekistonda elektr energiyasi o‘chishini real vaqt rejimida qayd etuvchi svetanet.uz onlayn servisi ishga tushirilgan edi. Foydalanuvchi shu nomdagi Telegram bot orqali o‘z geolokatsiyasini yuborsa kifoya. Agar 300 metr radiusda yana bir xabar kelib tushsa, xaritada belgi qizil rang bilan, tasdiqlanmasa — kulrang bo‘lib paydo bo‘ladi. Bildirishnoma 3 soat davomida amal qiladi, biroq svet yonganini belgilab, uni vaqtidan oldin ham o‘chirib tashlash mumkin.
Kurbanoff.net blogi muallifi Shuhratbek Qurbonov ushbu loyiha tijoriy emasligini, u ko‘ngillilar tomonidan sun’iy intellekt vositalaridan foydalangan holda, vaybkoding bo‘yicha tajriba sifatida yaratilganini ma’lum qilgan.
Shu oy boshida ham O‘zbekiston poytaxtining bir qator tumanlarida elektr energiyasi ta’minotida vaqtinchalik uzilish sodir bo‘ldi. Energetika vazirligi bunga Toshkent IESdagi transformatorning nosozligi sabab bo‘lganini ma’lum qilgan. Shaharda svetoforlar ishlamadi, uylarda suv ta’minotida uzilishlar kuzatilgan. Uzilish metroga ham ta’sir ko‘rsatgan.
Source: www.gazeta.uz