Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

30-iyundan Toshkent va Iordaniya poytaxti Amman o‘rtasida muntazam to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yiladi. Shu munosabat bilan Iordaniyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazildi, deb xabar beradi “Dunyo” axborot agentligi.

Tadbirda Iordaniya turizm sohasi vakillari, yetakchi turoperatorlar, mehmonxona biznesi rahbarlari hamda Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasi mas’ullari ishtirok etdi.

Taqdimot davomida qatnashchilarga O‘zbekistonning tarixiy-madaniy merosi, YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan me’moriy yodgorliklari, Samarqand, Buxoro, Xiva va Shahrisabz kabi tarixiy shaharlar bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, mehmonlar mamlakatda ekologik, gastronomik, tibbiy va ishbilarmonlik turizmini rivojlantirish uchun yaratilgan zamonaviy imkoniyatlar bilan tanishtirildi.

Taqdimotda O‘zbekistonning ziyorat turizmi salohiyatiga ham alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar mamlakatdan yetishib chiqqan mashhur islom ulamolari va mutafakkirlarining merosi, muqaddas qadamjolar hamda xorijlik ziyoratchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot almashdi.

Ma’lum qilinishicha, yangi aviaqatnov O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi sayyohlik, ishbilarmonlik va gumanitar aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi, shuningdek, o‘zaro sayyohlar oqimini oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Royal Jordanian Airlines aviakompaniyasining mazkur yo‘nalishdagi ilk muntazam parvozi 30-iyun kuniga rejalashtirilgan. Jadvalga ko‘ra, RJ196 reysi Amman xalqaro aeroportidan mahalliy vaqt bilan soat 22:50 da parvoz qilib, keyingi kuni soat 05:25 da Toshkent xalqaro aeroportiga qo‘nadi.

Qayd etilishicha, ikki poytaxtni bog‘laydigan yangi havo yo‘nalishi mamlakatlar o‘rtasidagi masofa va safar vaqtini qisqartirib, turizm, savdo, investitsiya hamda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yil avgust oxirlarida Samarqand shahrida O‘zbekiston prezidenti va Iordaniya Hoshimiylar podshohligi podshohining muzokaralari bo‘lib o‘tgandi. Unda kimyo va to‘qimachilik sanoati, “aqlli” qishloq xo‘jaligi, geologiya, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika, turizm va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kengaytirishga kelishib olingan edi.

Shuningdek, O‘zbekiston va Iordaniya rahbarlari Samarqandda 26-avgust kuni viza talablarini bekor qilish to‘g‘risidagi bitimni imzolagan edi. Bitim imzolanganidan 30 kun o‘tib — 25-sentabrdan kuchga kirgan. Unga ko‘ra, o‘zbekistonliklar Iordaniyada 30 kungacha vizasiz qolishlari mumkin.

O‘shanda tomonlar turizm sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim va havo qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imzolagan. Xususan, Toshkent-Amman yo‘nalishi bo‘yicha aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan edi.

Source: www.gazeta.uz