O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Gruziyaga davlat tashrifi doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mirziyoyev bu tashrif so‘nggi 23 yil ichida birinchi marta amalga oshirilayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda parlamentlar, hukumatlar va ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarning faollashuvi mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 270 million dollarni tashkil etgan bo‘lib, qo‘shma loyihalar va korxonalar soni ortib bormoqda.
O‘zbekistonda birinchi gruzin raqamli banki TBC muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Toshkent, Tbilisi va Batumi o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Joriy yilning mart oyida poytaxtimizda Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
O‘zaro savdo hajmini oshirishga, jumladan Poti va Batumi portlari salohiyatidan samarali foydalanish orqali alohida e’tibor qaratildi. Farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va turizm sohalarida kooperatsiyani rivojlantirish imkoniyatlari ko‘rsatib o‘tildi.
Mintaqalararo aloqalarni kengaytirish, ishbilarmonlik, turistik va gumanitar almashinuvlarni yo‘lga qo‘yish muhimligi ta’kidlandi. Uchrashuv yakunida Mirziyoyev Gruziya Prezidenti Mixail Kavelašvilini O‘zbekistonga tashrif buyurishga taklif qildi.
Source: kun.uz