Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbekistonlik muxlislar FIFA tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga (O‘FA) ajratilgan o‘yin chiptalari bir guruh shaxslar tomonidan qimmat narxda sotilgani haqida e’tirozli videolar tarqatdi. O‘FA ushbu holat yuzasidan rasmiy izoh berdi.

O‘FA ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA reglamentiga muvofiq, ishtirokchi terma jamoani uyushgan holda qo‘llab-quvvatlovchi muxlislar uchun stadiondagi umumiy o‘rinlarning kamida 8 foizini xarid qilish huquqi beriladi. Shunga ko‘ra, stadion sig‘imining 16 foizi o‘zaro bahs olib borayotgan jamoalar muxlislari uchun, qolgan 84 foizi esa boshqa sektorlarda futbol tomosha qilishni xohlagan istalgan muxlis uchun umumiy savdoga chiqarilgan.

O‘zbekiston milliy terma jamoasining guruh bosqichi uchrashuvlari uchun chipta narxlari FIFA tomonidan 140 AQSh dollaridan 700 AQSh dollarigacha, cheklangan miqdordagi joylar uchun esa 60 AQSh dollari etib belgilandi. O‘zbekiston terma jamoasi muxlislari uchun, asosan, darvoza ortidagi sektorlardan jami 14 073 dona chipta ajratildi.

O‘FA ma’lum qilishicha, ushbu kvotadan 8064 dona chipta o‘zbekistonlik ishqibozlar tomonidan FIFAdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xarid qilingan. Qolgan 6 009 dona chipta esa O‘FA, Sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston futzal assotsiatsiyasi, O‘zbekiston professional futbol ligasi, O‘zbekiston futbolchilar uyushmasi, hududiy futbol assotsiatsiyalari, professional futbol klublari, futbolchilar va ularning oila a’zolari, markazlashgan muxlislar jamoasi, sport tashkilotlari, davlat idoralari, homiylar hamda AQShdagi vatandoshlar nomidan „Mahalla USA“ tashkiloti uchun oldindan buyurtma berish maqsadida ajratildi.

O‘FA qayd etishicha, mazkur buyurtmalar bo‘yicha chiptalar yuqorida qayd etilgan tashkilotlarga FIFA tomonidan belgilangan narxda va hech qanday qo‘shimcha xizmat haqi undirilmagan holda taqdim etildi. Biroq, FIFA reglamentiga muvofiq, chipta egalari xarid qilingan chiptalarni FIFA rasmiy chipta ilovasi orqali boshqa shaxslarga elektron tarzda yuborish yoki qayta sotish huquqiga ega. Shu sababli O‘FA xarid qilingan chiptalarning qayta sotilishiga taqiq o‘rnatishi yoki ushbu jarayonni cheklash vakolatiga ega emas.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Jahon chempionatida ishtirok etdi. Birinchi o‘yinda O‘zbekiston Kolumbiyaga 1:3 hisobida imkoniyatni boy berdi. Jamoaning yagona goliga Abbosbek Fayzullayev mualliflik qildi — bu milliy terma jamoaning jahon chempionatlari tarixidagi ilk goli bo‘ldi. Ikkinchi turda Kannavaro shogirdlari Portugaliyaga mag‘lub bo‘lishdi — 0:5. Ushbu uchrashuvdan so‘ng bosh murabbiy natija uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishini ma’lum qildi, biroq jamoasi bilan faxrlanishini alohida ta’kidladi. Guruh bosqichining so‘nggi o‘yinida O‘zbekiston terma jamoasi Kongo DRga imkoniyatni boy berib (1:3), pley-off bosqichiga yo‘l ololmadi va turnirdagi ishtirokini yakunladi.

Source: www.gazeta.uz