Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasining Jahon chempionatidagi ishtiroki muxlislar tomonidan turlicha baholanmoqda. Ayrimlar uchun uch mag‘lubiyatning sababchisi bosh murabbiy bo‘lsa, ba’zilar futbolchilarda bosim kuchli bo‘lgani va tajriba yetishmaganini ta’kidlamoqda.
Gazeta poytaxt ko‘chalarida futbol ishqibozlari bilan suhbatlashib, ulardan jamoaning o‘yinini baholashni va mag‘lubiyat sabablari haqidagi fikrlarini so‘radi. Mikrofon tutilgan respondentlarning deyarli barchasi O‘zbekiston terma jamoasining ikki futbolchisi — Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodovning o‘yinini alohida e’tirof etdi. Ularning aytishicha, Fayzullayev maydondagi faolligi va jonkuyarligi bilan ajralib turgan bo‘lsa, Shomurodov haqiqiy yetakchi sifatida harakat qilgan.
“Menga Abbos bilan Eldorning o‘yini yoqdi. Chunki o‘zlarini rostdan ham ayamay harakat qilishdi. Bu, ayniqsa, Abbosda yaqqol sezildi. Sheriklari yugurmagan joyga ham o‘zi yugurdi, bor kuchi bilan o‘ynadi. Buni hamma ko‘rdi, hamma sezdi deb o‘ylayman”, — deya muxlislardan biri.
Ishqibozlarning aksariyati futbolchilarga, avvalo, tajriba, aniq taktika va ishonch yetishmaganini aytmoqda. Ulardan birining fikricha, kuchli raqiblar va stadion muhiti futbolchilarga bosim qilgan. “Taktika yetishmadi. Ozgina qo‘rquv, hayajon bo‘ldi. Chunki lider jamoalar bilan o‘ynashdi. Stadionning bosimi ham ta’sir qildi”, — deydi u.
Boshqa bir muxlisning fikricha, xorijlik murabbiyga katta mablag‘ sarflash o‘zini oqlamagan. “100 foiz murabbiy aybdor. Agar maqsad borib yutqazish bo‘lsa, xorijlik murabbiyga shuncha pul sarflashning nima keragi bor? O‘zimizdan murabbiy qo‘ysak ham, shu natijani ko‘rsatardi”, — dedi yana bir futbol ishqibozi.
O‘z navbatida, futbolchilarni tanqid qilishdan ko‘ra, ularni qo‘llab-quvvatlash kerakligini ta’kidlaganlar ham bo‘ldi. “Jamoa birinchi marta jahonda nom qoldirdi. Men katta kamchilik his qilmadim. Jahon chempionatiga chiqqanimiz — ulkan yutuq. To‘rt yildan keyin yana Jahon chempionatida ko‘rishaylik. Endi jamoa o‘z ustida yanada ko‘proq ishlashi kerak”, — dedi boshqa bir muxlis.
“Bu bilan dunyo to‘xtab qolmaydi. Bu — birinchi qadam. Kelgusida yana Jahon chempionatlariga chiqishimiz mumkin. Bizdan futbolchilarga faqat olqish va qo‘llab-quvvatlash. Yigitlar harakat qildi. Tanqidni kamaytirish kerak. Sog‘lom tanqid bo‘lsa mayli, lekin eng muhimi — jamoaning ruhini ko‘tarish”, — deya munosabat bildirdi yana bir ishqiboz.
Source: www.gazeta.uz