Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xorazm viloyatida jamoat transporti xizmatlarini yaxshilash maqsadida Urganch-Xiva yo‘nalishi uchun 10 ta yangi avlod gibrid trolleybusi xarid qilindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.

Loyiha doirasida Xitoyning Yutong kompaniyasida ishlab chiqarilgan 10 ta gibrid turdagi trolleybus “O‘zsanoatqurilishbank” ATBning kredit mablag‘lari hisobidan sotib olingan.

Yangi harakat tarkiblarini yaqinda tashkil etilgan Urganch xalqaro aeroporti — Urganch temir yo‘l vokzali — Xiva temir yo‘l vokzalini bog‘lovchi trolleybus yo‘nalishiga chiqarish rejalashtirilgan.

Vazirlikka ko‘ra, buning natijasida Urganch-Xiva-Urganch yo‘nalishida trolleybuslar qatnovi oralig‘i 25 daqiqadan 12 daqiqagacha qisqaradi.

Urganch-Xiva trolleybus yo‘nalishi O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan yagona trolleybus tizimi hisoblanadi. Yangi harakat tarkiblarining ishga tushirilishi yo‘lovchilar uchun qatnovlar chastotasini oshirish va transport xizmatlari sifatini yaxshilashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Xorazm viloyatida jamoat transportida yo‘lkira haqini to‘lash bosqichma-bosqich to‘liq elektron shaklga o‘tkazilmoqda. Birinchi bosqichda 1-iyuldan SHI-4, SHI-5, SHI-7, SHI-13, SHI-18, SHI-19 va SHI-28 avtobus yo‘nalishlari, shuningdek, T1-sonli “Urganch shahri — Xiva shahri” trolleybus yo‘nalishida naqd pulsiz to‘lov tizimi joriy etildi. Ikkinchi bosqichda esa qolgan avtobus va trolleybus yo‘nalishlarida brutto-shartnomalar rasmiylashtirilganidan keyin ushbu tartib joriy etiladi. Shu bilan birga, yo‘lkira haqi 3000 so‘m etib belgilandi.

O‘tgan yil noyabrida ijtimoiy tarmoqlarda ayrim foydalanuvchilar Urganch va Xiva o‘rtasida qatnovchi trolleybuslar o‘rnini elektrobuslar egallashini taxmin qilgandi. Navruz Ashirmatov Gazeta’ga bergan izohida bu ma’lumotni rad etdi. Uning aytishicha, mamlakatdagi yagona trolleybus tarmog‘i, aksincha, kengaytiriladi.

2024-yil mart oyida prezident Shavkat Mirziyoyev trolleybus qatnovi oralig‘i ikki baravar qisqartirilishini ma’lum qilgandi.

Source: www.gazeta.uz