O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze Tbilisida buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy haykali tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Tbilisida Alisher Navoiy haykalining ochilishi o‘zbek-gruzin madaniy aloqalari tarixidagi yana bir muhim voqea bo‘ldi. Xalqlarimizni qadimdan savdo yo‘llari, o‘zaro hurmat va bir-birining boy merosiga qiziqish birlashtirib kelgan.
O‘zbekistonda buyuk gruzin shoiri Shota Rustaveliga katta hurmat bilan qaraladi. Toshkentning markaziy ko‘chalaridan biri uning nomi bilan atalgan va bu yerda gruzin adabiyotining atoqli klassigi haykali o‘rnatilgan. O‘z navbatida, joriy yilda Tbilisining markaziy bog‘laridan biriga Alisher Navoiy nomi berildi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Gruziya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlik yangi rivojlanish bosqichiga chiqdi. Tbilisida O‘zbekiston madaniyati va kino kunlari, Toshkentda esa Gruziya madaniyati kunlari muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Marosimda Tbilisidagi Alisher Navoiy haykali O‘zbekiston va Gruziya xalqlari o‘rtasidagi mustahkamlanib borayotgan do‘stlik rishtalarining yana bir yorqin ramzi bo‘lishiga ishonch bildirildi.
Source: kun.uz