O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze o‘rtasidagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha ikki davlat rahbarlari Strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi Deklaratsiyani imzoladilar.
Delegatsiyalar rahbarlari ishtirokida bir qator ikki tomonlama hujjatlar almashinuvi amalga oshirildi. Jumladan, bojxona ishlarida hamkorlik va ma’muriy yordam to‘g‘risidagi Bitim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim, professional va oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Gruziya hukumatlari o‘rtasida 2026-2027 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Madaniyat vazirliklari o‘rtasida 2027-2030 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan Gruziya Moliya vazirligi o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
“E-Permit” elektron ruxsatnomalar almashinuvi axborot tizimini joriy etish bo‘yicha hamkorlik memorandumi, qishloq xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish, sog‘liqni saqlash, radiatsion himoya va yadro xavfsizligi, mehnat migratsiyasi va turizm sohalarida o‘zaro anglashuv memorandumlari imzolandi.
Tashrif doirasida O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi bilan Gruziya Adliya vazirligi huzuridagi Milliy ijro byurosi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Source: kun.uz