Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

FIFA O‘zbekistonning “Bunyodkor” va “Andijon” futbol klublariga nisbatan transfer taqiqini joriy qildi. Bu haqda O‘zbekiston Professional futbol ligasi xabar berdi.

FIFA 23-iyun kuni “Bunyodkor”ga nisbatan qaror qabul qilgan. Assotsiatsiya 2-iyul kuni klubni yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkaza olmasligi haqida ligani rasman xabardor qilgan.

“Bunyodkor” avvalroq braziliyalik sobiq futbolchisi Rivaldo oldidagi qarzdorligini tan olgan va uni besh yil davomida bosqichma-bosqich to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishgan. Klub 2024 va 2025-yillarda ushbu kelishuv doirasidagi majburiyatlarini bajargan.

Biroq 2026-yilda klubning ta’sischisi va bosh homiysi “O‘zbekneftgaz” AJ moliyalashtirishni to‘xtatgani sabab may oyida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan navbatdagi to‘lov bajarilmagan. Shundan so‘ng Rivaldo FIFAga qayta murojaat qilgan. Natijada besh yillik kelishuv shartlari va unda nazarda tutilgan chegirmalar bekor qilingan.

Endilikda “Bunyodkor” yozgi transfer oynasi yakuniga qadar yangi futbolchilarni liga ro‘yxatidan o‘tkaza olmaydi. Klub mavsumni mavjud tarkib bilan davom ettirishi, shuningdek, taqiq kuchga kirguniga qadar FIFA tizimida akademiya tarbiyalanuvchisi sifatida ro‘yxatda bo‘lgan yosh futbolchilarnigina keyinchalik qaydnomaga qo‘shishi mumkin. 23-iyundan keyin akademiyaga qabul qilingan futbolchilar ham mazkur taqiq sabab ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

Shuningdek, FIFA “Andijon” klubiga ham transfer taqiqini qo‘lladi. Tashkilotning O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasiga yuborgan xatida “Andijon” Albaniyaning “Lachi” klubi oldidagi moliyaviy majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmagani qayd etilgan.

FIFA qaroriga ko‘ra, klub Altin Kreziu transferi bilan bog‘liq qarzdorlikni 45 kun ichida qoplashi kerak edi. Biroq 10-iyun kuni yakunlangan muddatgacha to‘lov amalga oshirilmagan.

Shu sababli Andijonga mazkur ish hal etilmaguniga qadar ketma-ket uchta transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish taqiqlandi. Klub qarzdorlikni to‘liq qoplagach, bu haqda FIFAni xabardor qiladi. “Lachi” klubi ham buni tasdiqlaganidan keyin transfer taqiqi bekor qilinadi.

Rivaldo 2008−2010-yillarda keyinchalik nomini “Bunyodkor”ga o‘zgartirgan “Quruvchi” klubida to‘p surgan va 61 uchrashuvda 37 ta gol kiritib, uch marta O‘zbekiston chempioni bo‘lgan. U 1999-yilgi “Oltin to‘p” sohibi, FIFA talqiniga ko‘ra yilning eng yaxshi futbolchisi unvoni, ikki marta Ispaniya chempionati, Ispaniya kubogi va UEFA Superkubogi g‘olibi. Futbolchi faoliyati davomida “Deportivo”, “Barselona”, “Milan” va boshqa jamoalarda o‘ynagan.

“Quruvchi” klubi “Zeromax” xolding kompaniyasi tarkibiga kiruvchi “Neftegazmontaj” kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan.

Rivaldo dastlab “Bunyodkor” bilan bir yillik shartnoma imzolagan. Uning bir yillik shartnomasi soliqdan tashqari 6 million yevro (5,3 million funt) va uning obrazidan foydalanish huquqi shartnomasi edi, bu unga boshqa daromadlarning 26 foizini berdi, ya’ni u birinchi yili atrofida 7,1 million funt sterling ishlab oldi.

Biroq, 2008-yilning yozida shartnoma imzolaganidan bir necha oy o‘tgach, u kelishuvni yana ikki yilga, 2011-yilning yozigacha uzaytirishga rozi bo‘ldi, shuningdek, maslahatchi vazifalarni ham bajardi.

Sporting Intelligence yozishicha, “birinchi yili hammasi yaxshi bo‘lib tuyuldi, “Bunyodkor”da aniq pul ko‘p edi”. Klub Zikoni (2008−2009), keyin esa Felipe Skolarini (2009−2010) murabbiylikka oldi, shuningdek, Samuel Eto‘Oni 25 million dollar evaziga bir mavsumga o‘z safiga qo‘shishga taklif qildi, biroq u rad etdi. Shuningdek, klub “Barselona”ning taniqli ispan futbolchilari, jumladan, Andres Inesta, Karles Puyol va Sesk Fabregasga Toshkentga murabbiylik seminarlari va mahorat saboqlarida qatnashishlari uchun har biriga 1 million dollar to‘lagan.

Rivaldoning ikkinchi yili, 2009-yilning yozidan boshlab, futbolchilarga maosh to‘lash to‘xtatildi. “Unga jiddiy muammo yo‘q, faqat pul oqimi bilan bog‘liq muammo aytilgan va bu g‘ayrioddiy tuyulgan bo‘lsada, u xavotirga sabab yo‘q deb o‘ylagan”, — dedi uning advokati.

Advokatning so‘zlariga ko‘ra, maoshlar bir yil berilmagan, biroq klubga bir necha yosh braziliyalik va boshqa xodimlarni taklif qilgan Rivaldo “ularning farovonligi uchun mas’uliyatni his qilgan, shuning uchun u ularga g‘amxo‘rlik qilish uchun qolgan va maoshlarini o‘z cho‘ntagidan to‘lagan”.

“Menda katta rejalar bor edi. Men klub dunyo futbol xaritasida ko‘rinib turishi uchun rivojlanishini istardim. Men “Bunyodkor”ning o‘yinini yaxshilashni, mashg‘ulotlar sifatini oshirishni va klubni yangi professional darajaga olib chiqishni xohlardim. Men “Bunyodkor”dan odamlarni “Chelsi”, “Inter” va “Milan”ga yubordim, shunda ular Yevropaning muvaffaqiyatli klubi nima ekanligini ichkaridan ko‘rishlari mumkin”, — deya afsusda bo‘ldi braziliyalik sportchi Sporting Intelligence nashriga bergan intervyusida.

2010-yil iyuliga kelib, Rivaldo sudga murojaat qilishga qaror qildi, xuddi shu vaqtda “Zeromax” bankrot bo‘ldi. Futbolchi yo‘qotishlarini 16 million yevroga baholagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, u ushbu summaning kamida bir qismini to‘lashga harakatda.

2024-yil fevralda “Bunyodkor” direktori Murod Aliyev klub huquqshunoslari Rivaldo va Denilsonga qariyb 9,2 mln yevro to‘lash bo‘yicha FIFA qarorini yumshatish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. U ushbu qarzni to‘lash masalasini klub rahbariyati, ya’ni “O‘zbekneftgaz” davlat kompaniyasi hal qilishini aytgadi. Tribuna.uz ham o‘z manbasiga tayanib Rivaldo va Denilson oldidagi qarzdorliklar “O‘zbekneftgaz” tomonidan to‘lab berilishini ma’lum qildi.

2024-yil aprel oyida “Bunyodkor” braziliyalik futbolchilar Rivaldo va Denilson bilan qarzni to‘lash bo‘yicha kelishuvga erishgan edi. Jamoa ushbu qarzni to‘lash masalasini klub rahbariyati, ya’ni o‘sha paytdagi “O‘zbekneftgaz” hal qilishini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 9,2 million yevro miqdoridagi qarz klubning 2−3 yillik budjetini tashkil etadi.

Keyinroq “O‘zbekneftgaz” hukumat topshirig‘iga asosan 2026 1-yanvardan futbol klublarini moliyalashtirishni butunlay to‘xtatdi. Kompaniya raisining birinchi o‘rinbosari Suhrob Hamroyevga ko‘ra, “moliyalashtirish bosqichma-bosqich emas, birdaniga to‘xtatilgan”. Ilgari 3−4 ta klubga yiliga qariyb 200−300 mlrd so‘m yo‘naltirib kelingan.

Source: www.gazeta.uz