Yaqinda O‘zbekiston fuqarolarini Janubiy Koreyaga ishga yuborish bilan bog‘liq yirik korrupsion sxema fosh etildi. Unga ko‘ra, qariyb 90 million dollar pul noqonuniy yo‘llar bilan yig‘ilgan bo‘lishi mumkin. Gumonlanuvchilar qatorida Migratsiya agentligining sobiq mansabdorlari ham bor.
Xususan, bir muddat agentlikning Janubiy Koreyadagi vakolatxonasi rahbari bo‘lgan Azizbek Toshtemirov hozirda xalqaro qidiruvga berilgan. Voqealar fonida Toshtemirov turli norasmiy Telegram kanallari orqali jiddiy iddaolar bilan chiqmoqda.
O‘zi “Koreya ishi” atrofida nimalar bo‘lyapti? Migratsiya sohasi nega korrupsiyaga botdi? Tizimda qanday jiddiy islohotlar qilish kerak? Gazeta bu safargi suhbatida mutaxassislar bilan shuni tahlil qilishga urindi.
Unda Koreyada 5 yil mehnat muxojiri sifatida ishlab, yashab kelgan Xudoyberdi Zominiy va migratsiya masalalarida huquqshunos Botirjon Shermuhammad ishtirok etdi. Videoni to‘liq quyidagi havola orqali YouTube sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin. Quyida suhbatning qisqartirilgan matnli bayoni keltiriladi.
Aytish lozim, Gazeta bu ko‘rsatuv uchun Mehnat migratsiyasi agentligidan ham vakil chaqirishga urindi, ammo ular so‘rovimizni rad etishdi. Shu sabab mavzu mustaqil ekspert va jarayonda ishtirok etgan mehnat muhojiri bilan muhokama qilindi.
Xudoyberdi Zominiy Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ko‘magi bilan 2012-yilda birinchi marta Koreyaga ketgan. U o‘sha yilgi saralashlarni shaffof bo‘lmagan jarayon sifatida eslaydi.
“O‘sha paytlar ham korrupsiyaviy ishlar juda avjida edi. Bugungi kunga kelib ham migratsiya tizimi to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmaganligining guvohi bo‘lyapmiz. Yaqinda Koreyaga yana ketish uchun imtihonlarga kirib chiqdim va imtihonlardan o‘tdim. Men vaziyat biroz o‘zgargan deb hisobladim. Chunki 2012-yilda imtihon nazoratchilariga pul berish bo‘lardi. Hozir hammasi onlayn, hammasi zo‘rdek tuyuldi. Imtihonlardan o‘tdim, men bilan muammo bo‘lmadi. Tasdiqlanganlar ro‘yxatida turibman, lekin ishga ketish bo‘yicha hali meni tanlashmagan. Balki o‘rnimga kimdir ketgandir. Migratsiya agentligi yozib qo‘ygan shartga ko‘ra, imtihondan o‘tgandan keyin Koreyaga ishga ketishga navbatim 2 yilgacha yo keladi, yo kelmaydi”, — deydi u.
Zominiyga ko‘ra, 2012-yilda xorijga ketish istagida bo‘lgan fuqarolar uchun “jeton” berish tizimi ishlagan, jetonlar har bir hududdagi stadionlarda tarqatilgan. Qayd etilishicha, jetonning egalari tarqatilishidan bir necha kun yoki hafta oldin aniq bo‘lgan, aynan oldindan kelishib qo‘yganlar Koreyaga yuborilgani aytiladi.
Huquqshunos Botirjon Shermuhammad Koreyaga ketishni istovchilar soni ko‘p ekani, ammo u davlatda ish o‘rni kamligi sabab tizimda korrupsiya ehtimoli katta ekanini bildirdi. Uning aytishicha, boshqaruvdagi bo‘shliqliklardan alohida shaxslar salbiy ma’noda unumli foydalanib qolyapti.
“Jarayonlarni shaffof o‘tkazish, to‘g‘ri tashkil qilish judayam muhim. Afsuski, davlat yoki davlatga yaqin tashkilotlar shunday kattaroq tadbirlar o‘tkazadigan bo‘lsa, muammo bo‘lishini ko‘ramiz. Ba’zida qo‘shimcha daromad olish uchun bu atayin qilinadi yoki tajriba yetishmasligi sabab shunday vaziyat yuzaga keladi. Shaffoflik bilan bog‘liq muammo bor. Ko‘p narsalar ochiq emas”, — deya qayd etdi Botirjon Shermuhammad.
“Misol uchun, xizmatlar uchun undiriladigan pul bilan bog‘liq qismi. Shuning smetasini ko‘rsatishsin. Nima sababdan xizmatlar uchun shuncha narx chiqqan? Imtihon to‘lovlaridan tashqari, boshqa xarajatlar bor. Imtihon uchun 28 dollar to‘lanadi, bu — hamma bilgan ochiq va eng oson qismi. Lekin imtihondan o‘tgandan keyingi to‘lovlarga qarasangiz, judayam dahshat. Biz surishtiruvlardan so‘ng, katta ro‘yxat tuzdik”.
“Migratsiya agentligi ketmoqchi bo‘lgan odamdan o‘zining xizmati uchun 40 BHM (16 480 000 mln so‘m) olyapti. Bundan tashqari, moslashtirish kurslari bor ekan. U 10 BHM (4 120 000 so‘m). Unda tanlab olingan fuqaroni yana qandaydir ko‘niktirish darslariga tayyorlashadi. U yerda nima o‘rgatilishini bilmayman. Bundan tashqari, tibbiy ko‘rik uchun 1 mln so‘m olisharkan. Fuqarolar ko‘rik aynan bitta tibbiy klinikada o‘tishi lozim ekan. Keyin viza va avia chipta to‘lovlari ham bor. Bular — endi rasmiy to‘lovlar”.
“Endi savollar bor: agentlik qaysi xizmatlari uchun o‘zi shundoq ham pul to‘lagan fuqarolarimizdan yana 16 480 000, 4 120 000 so‘m undirib olyapti? Nega aynan shu narxlar berilgan? Buning huquqiy asosi, asoslantirilgan hujjati bormi, qaysi hujjat bilan tartibga solingan? Bularga javob yo‘q. Har doim shunga o‘xshash savollar berilsa, „hujjat bor, u maxfiy, xizmat doirasida foydalanish uchun grifi bilan yozilgan“ deb qutulishadi”, — deydi u.
Botirjon Shermuhammad ayni xarajatlar yuzasidan migrantlarning o‘zi bilan ham suhbatlashganini, ular agentlik tomonidan beriladigan aslida tekin maxsus formalar ham yurtdoshlarimizga pulga sotilganini ta’kidlashganini aytadi. Bu kabi norasmiy to‘lovlar uchun esa hech kimga kvitansiya berilmaganini ta’kidlaydi. Qolaversa, u xodimlarning hamyurtlarimizga qo‘pol munosabatini ham tanqid qildi.
“Hattoki, ba’zi holatlarda ularning ustidan ham kulishadi. Koreyada migrantlarimizni kutib oladigan ba’zi ayollar bor ekan. Shular yurtdoshlarimizga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi, ularning agentlikka nima aloqasi bor, nega ular migrantlarimizni kutib olishyapti degan savollar qiynayapti. Ya’ni shaffof bo‘lmagan tartiblar juda ham ko‘p. Va nega katta summa to‘lagan vatandoshlarimiz bunaqangi qo‘pol muomalani ko‘rishlari kerak? Odamlarning noroziligi juda ham ko‘p va shaffoflik yo‘qligi, agentlik tomonidan hisob berilmasligi ko‘p savollarni keltirib chiqaryapti”, — deydi Shermuhammad.
Suhbatdoshimiz O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasidagi mehnat migratsiyasiga oid shartnomani ochiqlashni taklif qilmoqda. Uning aytishicha, bu kabi davlat siri toifasiga kirmaydigan xalqaro kelishuvlarda tashkiliy masalalar muhokama qilinadi, shu sabab ulardan jamoatchilik boxabar bo‘lishi lozim.
Janubiy Koreyaga ishlashga ketish uchun 18 yoshdan 39 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar E-9 yoki E-10 vizasini olishi kerak bo‘ladi. Undan avval esa Mehnat migratsiyasi agentligi orqali EPS-TOPIK va malaka testidan o‘tish talab qilinadi.
EPS-TOPIK — koreys tilidan o‘tadigan imtihon, o‘qish va tinglash savollaridan iborat. Unda eng yuqori ball to‘plagan nomzodlar keyingi bosqichga o‘tadi. Birinchi bosqichdan o‘tganlarga jismoniy tayyorgarlik, suhbat va kasbiy mahorat bo‘yicha qo‘shimcha imtihon — malaka testidan (skill test) o‘tkaziladi. Koreyadagi ish o‘rinlari asosan ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohalariga to‘g‘ri keladi.
Yaqinda shu jarayonda qatnashgan Xudoyberdi Zominiy 2012-yilgi testlarda noqonuniy holatlar namoyishkorona qilinganini esladi.
“Xonada bir biladigan odam bo‘lardi, u yerga ham nazoratchilar qo‘yilardi. Har bir xonaga nazoratchilarga pullar yig‘ib berilardi. U tashqaridan ichkariga kirmasliklarini nazorat qilib turardi. Hozir hamma tomon kamera, hammasi nazoratda o‘tmoqda deb o‘yladim. Bilmadim. Balki, kimlardir o‘yin qilayotgan bo‘lishi mumkin, lekin menga qorong‘u”, — deydi u.
Respondent Botirjon Shermuhammad suhbatga qo‘shilarkan, imtihondan o‘tkazib qo‘yish uchun stavkalar borligini ta’kidladi.
“Bir fuqaro bilan gaplashdim. U „bu yilgi imtihondan o‘tkazib qo‘yish stavkasi 19 ming AQSh dollariga chiqqan“, deydi. Pasportlarni olib ketgan, o‘zlari imtihonga bormagan, ularning o‘rniga boshqa fuqarolar kirib, shu imtihondan o‘tgan. Ya’ni shundan o‘tganlar va ketganlar bor. E’tiborlisi, pulib berib imtihondan o‘tganidan keyin ham 2 yil kutilishi kerak”, — deydi u.
“Oxirgi yillarda Koreyada iqtisodiy qiyinchiliklar kuzatilayotgani sababli kamroq ishchilar chaqirilmoqda. Shuning uchun odamlarimiz kutib qolishyapti. Lekin ma’lum odamlar shunda ham pul qilish yo‘lini topishgan. Koreya fuqarolari bilan til biriktirib, u yerda koreys firmasini ochib, go‘yoki O‘zbekistonda imtihondan o‘tganlarni tanlab olib, ularni olib ketishyapti. Mana shuning stavkasi 2 ming dollar bo‘libdi. Shunday tartibda ketganlarning taqdiri nima bo‘ldi? ular Koreyaga ketib olgan, xolos. U yerda ishi yo‘q”, — deydi Shermuhammad.
Uning qo‘shimcha qilishicha, imtihonga, kamera va quloqchinlar bilan kirish, o‘rniga odam kiritish, savol va javob varaqalarining tarqalishi kuzatilmoqda. Huquqshunos so‘zining yakunida jarayon avvalgiga nisbatan biroz shaffoflanganini inkor qilmadi. Suhbatning to‘liq shaklini yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Source: www.gazeta.uz