Markaziy bankning birinchi chorak uchun ko‘chmas mulk bozori sharhida qayd etilishicha, ulushli qurilishda eskrou-hisobvaraqlarning joriy etilishi dastlabki bosqichda quruvchilarning moliyalashtirish xarajatlarini oshirishi va O‘zbekistonda uy-joy narxining ko‘tarilishiga olib kelishi mumkin. Biroq ushbu mexanizmning narxlarga ta’siri bo‘yicha hali aniq baholar mavjud emas.
1-apreldan boshlab O‘zbekistonda ko‘chmas mulk va avtomobillarni oldi-sotdi qilish bo‘yicha bitimlarni notarial rasmiylashtirishda hisob-kitoblar eskrou-hisobvaraqlari orqali amalga oshirilmoqda. Xaridorning pullari maxsus bank hisobvarag‘ida saqlanadi va notarial rasmiylashtirish yakunlangandan so‘ng sotuvchiga o‘tkaziladi.
Markaziy bank baholashiga ko‘ra, ushbu mexanizm yirik bitimlardagi moliyaviy va huquqiy xavflarni kamaytirish, hisob-kitoblar shaffofligini oshirish hamda pul o‘tkazilganidan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolar ehtimolini qisqartirishga qaratilgan.
Kelgusida eskrou-hisobvaraqlardan ulushli qurilishda ham foydalanish rejalashtirilgan. Bunda xaridorlarning mablag‘lari qurilish yakunlangunga qadar bankda saqlanadi, obyektni barpo etish esa bank kreditlari va quruvchining o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Bunday yondashuv qurilishi tugallanmagan obyektlar paydo bo‘lishi xavfini kamaytirishi, ulushdorlar pullarini himoya qilishi va qurilish loyihalarini moliyalashtirishni yanada shaffof qilishi kerak, deya ta’kidlanadi sharhda.
Shu bilan birga, yangi model o‘tish qurilish kompaniyalarining xarajatlarini oshirishi mumkin. Quruvchilar endi xaridorlarning oldindan to‘lovlaridan arzon moliyalashtirish manbasi sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri foydalana olmaydilar va bank kreditlari hamda o‘z kapitallariga ko‘proq qaram bo‘lib qoladi.
Ushbu mexanizmning joriy etilishi uy-joy narxi va qurilish xarajatlarining ehtimoliy o‘sishi bilan bog‘liq xavotirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu bilan birga, Markaziy bank tadqiqotlarda eskrou-hisobvaraqlarning uy-joy narxiga ta’siri bo‘yicha hali yagona baho shakllanmaganini ta’kidlaydi.
Narxlarning uzoq muddatli dinamikasi nafaqat hisob-kitob tizimiga, balki ipoteka shartlari, aholi daromadlari, urbanizatsiya sur’atlari, yer taklifi va umumiy iqtisodiy faollikka ham bog‘liq.
Bozor ishtirokchilari yangi sharoitlarga moslashib borishi bilan, eskrou tizimi qurilish tarmog‘ida ishonch va moliyaviy intizomni oshirishi, shuningdek, uzoq muddatli istiqbolda bozor barqarorligini mustahkamlashi mumkin, deb hisoblaydi Markaziy bank.
“Bunda, dastlabki bosqichda qurilish xarajatlari va narxlar o‘sishi kuzatilishi ehtimoli bo‘lsa-da, keyinchalik bozor ishtirokchilari yangi moliyalashtirish sharoitlariga moslashadi va tizim qurilish bozorida ishonch hamda moliyaviy intizomni kuchaytirishga hamda uzoq muddatda bozor barqarorligini mustahkamlanishga xizmat qilad”, — deya ta’kidladi regulyator.
Ulushli qurilishda majburiy eskrou-hisobvaraqlar Rossiyada 2019-yildan, Dubayda esa 2007-yildan beri amal qilib kelmoqda. Xitoyda uy-joy xaridorlarining mablag‘lari 2000-yillardan boshlab maxsus hisobvaraqlarda saqlanadi, Turkiyada esa eskrouga yaqin bo‘lgan bank nazorati mexanizmlari qo‘llaniladi.
Birinchi chorakda ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlar soni eskrou-hisobvaraqlariga o‘tish oldidan 48,4 foizga oshdi. Ipoteka hajmi 29 foizga, qurilish esa 15,5 foizga ko‘paydi. Yangi qurilgan uylardagi xonadonlar dollar hisobida 8,1 foizga, ikkilamchi bozorda esa 9,4 foizga qimmatlashdi (so‘mda o‘sish sur’atlari pastroq). Toshkentda yer narxi arzonlashdi.
Prezident 2024-yil sentabr oyida uy-joy sotib olishda aholi mablag‘lari himoyasini kafolatlovchi tizimni ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq bergan edi.
Prezident farmoniga muvofiq, 2025-yil 1-iyuldan 2025-yil 31-dekabrgacha ulushdorlar mablag‘larini jalb qilishni ham eskrou-hisobvaraqlar orqali, ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri jalb etishga asoslangan amaldagi ulushli ishtirok etish mexanizmi bo‘yicha amalga oshirish rejalashtirilgan edi.
Biroq 2026-yil 1-yanvardan boshlab eskrou-hisobvaraqlar tizimi qurilishni moliyalashtirishning yagona usuliga aylanishi kerak edi, ammo qonun yo‘qligi sababli u majburiy tartibda joriy etilmay qoldi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 9-iyun kuni xaridorlar mablag‘larini himoya qilish va qurilish jarayonlarini yanada shaffoflashtirishga qaratilgan ulushli qurilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi bilan tanishdi. Birgina o‘tgan yilning o‘zida qariyb 3000 nafar fuqaroga 668 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.
Eskrou-hisobvaraqlar asosiy mexanizmlardan biriga aylanadi.
“Fuqarolar tomonidan to‘langan pullar qat’iyan faqat qurilish uchun sarflanadi va buning ustidan nazoratni bank amalga oshiradi. Agar qurilish davomida muammolar yuzaga kelsa, ular bankning mas’uliyat doirasiga o‘tadi va shunday mexanizm yaratiladiki, unda fuqaro har qanday holatda ham yutqazmaydi”, — dedi Akbar Toshqulov.
Eskrou tizimi to‘rtta qoidaga asoslanadi:
Bundan tashqari, yangi mexanizmga ko‘ra, quruvchilarning yagona reyestrini shakllantirish va deklaratsiya orqali har bir obyektning qonuniyligini hisobga olish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.
Source: www.gazeta.uz