Surxondaryo viloyatida yo‘l va transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish rejalari e’lon qilindi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-fevraldagi yig‘ilishda bu haqda ma’lumot berdi.
Osiyo taraqqiyot banki bilan 183 million dollarlik loyiha doirasida Boysun-Denov yo‘lining 111 kilometri sement-beton qoplamaga o‘tkazilmoqda. Bu yo‘l yuk hajmini ikki baravar oshiradi va tashish vaqtini 3 soatdan 1,5 soatga qisqartiradi.
Prezident O‘zbekistonni Afg‘oniston va Tojikiston bilan bog‘laydigan 178 kilometrli magistral yo‘lning 30 yildan beri kapital ta’mirlanmaganligini ta’kidladi. Mutasaddilarga qurilish ishlarini uch oy ichida boshlash topshirildi.
Yig‘ilishda temiryo‘l modernizatsiyasi ham muhokama qilindi. Toshkent-Termiz yo‘nalishidagi poyezdlar 14 soatdan ko‘p vaqt oladi. Koreyalik hamkorlar bilan zamonaviy tezyurar poyezdlarni yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Toshg‘uzor-Boysun-Qumqo‘rg‘on uchastkasini tezyurar poyezdga moslash va Qumqo‘rg‘on-Quduqli temiryo‘lini elektrlashtirish loyihalari boshlanishi belgilandi.
Termiz-Istanbul va Termiz-Dubay yo‘nalishlarida yangi reyslar qo‘yiladi.
Surxondaryoga olib kelinayotgan 125 ta avtobus birinchi navbatda Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Sherobod va Boysundan viloyat markaziga kelib-ketayotgan odamlarga qo‘yiladi.
Yil oxirigacha Muzrabotdagi 56 ming aholiga markazlashgan ichimlik suvi yetkazib berish loyihasi yakunlanadi. Muzrabot, Oltinsoy, Angor, Qiziriq va Boysun markazlariga kanalizatsiya olib borish loyihasi boshlanadi.
Source: www.gazeta.uz