Tarmoqlarda rezonansga sabab bo‘lgan intervyusi bilan tanilgan, Uzbelas Performance tyuning atelesi rahbari Asadbek Jumayev 10 sutkaga qamaldi. Oliy sud xabariga ko‘ra, bu Toshkent shahar sudining qarori asosida amalga oshirildi.
O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Toshkentda o‘smirning BMW M4 avtomobilida YPX xodimini urib yuborganidan so‘ng Jumayevning videointervyusini o‘rganib chiqib, avvalroq unga tayinlangan hukm bo‘yicha protest kiritgan. 27-fevral kuni sud kassatsiya tartibida ishni ko‘rib chiqib, jarima solish haqidagi qarorni bekor qildi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 195−2-moddasi (huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda videotasvirini buzib tarqatish) bilan 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Jumayev intervyuda BMW’da yo‘l harakati qoidalari buzilgani aks etgan video paydo bo‘lgach, tergovdan kelib, kameralardagi yozuvlarni ko‘rsatishni talab qilishganini, biroq u rad etganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, IIB xodimlari uni olib ketib, ko‘rsatma berishga majburlagan. Jumayev keyinchalik IIV tomonidan e’lon qilingan videoda hammadan uzr so‘radi va noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgani uchun javobgarlik borligini tan oldi.
Source: www.gazeta.uz