2026-yilning birinchi yarmida umumiy qiymati 350 milliard so‘mlik 92 ta davlat xaridida qonunbuzilish holatlari aniqlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 28-iyul kuni Antikorrupsiya agentligida o‘tkazilgan jamoatchilik eshituvida rasmiy ma’lumot berildi. Agentlik mas’ul xodimi Jo‘rabek Beshimovning qayd etishicha, aniqlangan qonunbuzilishlar yuzasidan tashkilotlarga 210,1 milliard so‘mlik 46 ta taqdimnoma kiritilgan.
Beshimovning so‘zlariga ko‘ra, shartnoma rasmiylashtirilgunga qadar bo‘lgan jarayonda 20 milliard so‘mlik 19 ta xarid bekor qilingan. Shuningdek, 16 nafar shaxs ma’muriy, yana 10 nafari intizomiy javobgarlikka tortilgan. Bu raqamlar davlat xaridlari tizimida korrupsiya xavfi hali ham yuqori ekanini ko‘rsatadi.
Tadbirda “G‘azna” telegram kanali muallifi, data-jurnalist Nodir Norbo‘tayev davlat xaridlarida affillanganlik holatlari aniqlanib, tenderlar bekor qilinganidan keyin ham amalda o‘sha kompaniyalar yana g‘olib bo‘layotgani haqida gapirdi. U mustaqil ravishda E-tender portalidagi 2022-yildan beri bo‘lib o‘tgan 120 mingdan ortiq tenderlar bo‘yicha tahlil o‘tkazgan.
Norbo‘tayevning ta’kidlashicha, affillanganlik yoki bir xil IP-manzildan ishtirok etilgani sabab bekor qilingan tenderlar 10-14 kundan so‘ng yana o‘tkaziladi. Affillangan deb topilgan kompaniya o‘rniga boshqa firma qo‘shiladi, qonunda belgilangan kamida ikki ishtirokchi talabi bajariladi va natijada yana o‘sha tashkilot g‘olib chiqadi yoki kompaniyalar o‘rin almashib qatnashadi.
Jurnalist bu kabi amaliyotni qonun talablarini chetlab o‘tish deb baholab, qonunchilikka bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan ishtirokchilarni 3 oydan 6 oygacha davlat xaridlarida qatnashish huquqidan mahrum qilish tartibini kiritish taklifini bildirdi. Uning fikricha, bu affillanganlik muammosini to‘liq hal etmaydi, ammo qonun talablarini ochiqchasiga chetlab o‘tishning oldini olishga xizmat qiladi.
Bunga javoban Antikorrupsiya agentligi rahbari Akmal Burxanov jurnalist ko‘targan muammo agentlikka ham ma’lum ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir xil IP-manzildan ishtirok etgani uchun tender bekor qilinganidan keyin ham ayrim kompaniyalar qisqa vaqt o‘tib yana ishtirok etib, baribir davlat xaridida g‘olib bo‘layotgan holatlar uchramoqda.
Burxanovning ta’kidlashicha, joriy yil oxirigacha ishga tushirilishi rejalashtirilgan “Raqamli compliance” platformasining davlat xaridlari moduli aynan shunday holatlarni avtomatik aniqlashga xizmat qiladi. “Sun’iy intellekt yordamida bir marta chetlatilgan ishtirokchi keyingi tanlovda avtomatik ravishda qatnashtirilmaydi. Agar benefitsiar bitta bo‘lsa yoki o‘zaro bog‘liq ekani aniqlansa, tizim nafaqat o‘sha kompaniyani, balki u bilan bog‘liq subyektlarni ham avtomatik ravishda chetlashtiradi”, — deydi agentlik rahbari.
Burxanovning aytishicha, modulda shubhali holatlarni “red flag” orqali belgilash, insofsiz ijrochilar reyestriga kiritish va ular uchun cheklovlar qo‘llash mexanizmlari ham bo‘ladi. Shu munosabat bilan u ekspertlar va jamoatchilik vakillarini modul taqdimotiga taklif qilib, ularning takliflarini ham inobatga olishga chaqirdi.
“Bunday holatlar juda ko‘p. Masalan, avtobus bekatlari va shunga o‘xshash holatlarda ham rasman boshqa kompaniya ishtirok etgandek ko‘rinadi, ammo benefitsiari bir xil yoki o‘zaro bog‘liq bo‘ladi. Shuning uchun hozir aynan shu masala ustida ishlayapmiz”, — deydi Akmal Burxanov. U qo‘shimcha qildi: “Bugun siz bilan biz davlat xaridlarining atigi 1 foizini monitoring qila olyapmiz. Qolgan 99 foizi esa hali ochilmagan oroldek — kim nima qilsa qilyapti, „ot o‘yin“ bo‘lib yotibdi. Shuning uchun bunday holatlarni faqat avtomatik aniqlaydigan va cheklaydigan tizim orqaligina bartaraf etish mumkin”.
Source: www.gazeta.uz