2027-yil 1-yanvardan boshlab O‘zbekistonda jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlar uchun bojsiz olib kirish me’yorlaridan ortiqcha olib kiriladigan tovarlar bo‘yicha yagona bojxona to‘lovi stavkasi 30 foizdan 20 foizgacha kamaytiriladi. Bu prezidentning 27-avgustdagi farmonida nazarda tutilgan.
Hujjatga ko‘ra, to‘lovning eng kam miqdori ham tovarning har bir kilogrammi uchun 3 dollardan 2 dollargacha pasayadi. Buning uchun prezidentning 2019-yil 7-noyabrdagi “Jismoniy shaxslar tomonidan o‘z ehtiyojlari uchun tovarlarni olib o‘tish tartibini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga (PQ-4508) o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Yagona to‘lov jismoniy shaxslar tomonidan tijorat bo‘lmagan maqsadlarda tovarlar olib kirilganda bojxona boji, QQS va aksiz solig‘i o‘rnini bosadi. Belgilangan bojsiz olib kirish me’yorlaridan oshgan taqdirda, yagona bojxona to‘lovi TIF TN kodi va kelib chiqish mamlakatidan qat’i nazar, tovarlarning bojxona qiymatidan kelib chiqib, ushbu me’yorlardan ortiqcha qismidan undiriladi.
Masalan, agar shaxs O‘zbekistonga uchib kelib, qiymati 1300 dollarlik iPhone olib kirsa, aviayo‘lovchi uchun bojsiz limit 1000 dollarni tashkil etadi. Bojxona to‘lovlari ortiqcha summaga — ushbu holatda 300 dollarga hisoblanadi. Hozirda 30 foizlik stavkada yagona bojxona to‘lovi 90 dollarni tashkil etgan bo‘lardi: $300×30% = $90. 2027-yil 1-yanvardan boshlab 20 foizlik stavkada o‘sha telefon uchun 60 dollar to‘lash kerak bo‘ladi: $300×20% = $60.
Bundan tashqari, 2027-yil 1-iyundan jismoniy shaxslar uchun alohida yengillik joriy etiladi. Agar tijorat bo‘lmagan maqsadlarda tovarlarni olib o‘tishda hisoblab chiqilgan yagona bojxona to‘lovi summasi to‘lanishi kerak bo‘lgan bojxona yig‘imlaridan kam bo‘lib chiqsa, bunday yig‘imlar undirilmaydi.
O‘zgarishlar “O‘zbekistonning yangi bojxonasi — 2030” strategiyasiga kiritilgan. Umuman olganda, u bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, rasmiylashtirish vaqtini qisqartirish va 2030-yilga borib bojxona xodimlari ishtirokisiz amalga oshiriladigan operatsiyalar ulushini 60 foizgacha oshirishni nazarda tutadi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 1-maydan hukumat jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni bojsiz olib kirish me’yorlarini kuchaytirgan edi. Bundan tashqari, jismoniy shaxs nomiga xalqaro kurerlik jo‘natmalarida keladigan tovarlar uchun me’yor chorakda 1000 dollardan oyiga 200 dollargacha qisqartirilgan edi.
20-iyuldan boshlab fuqarolar bojsiz limitdan foydalanish uchun, agar piyoda yoki avtomobilda qaytayotgan bo‘lsalar — kamida 2 kun, samolyotda qaytayotgan bo‘lsalar — kamida 3 kun chet elda bo‘lishlari kerak. Hukumat, shuningdek, shaxsiy foydalanish uchun biologik faol qo‘shimchalar (BFQ) olib kirishga limitlar joriy etgandi. Tamaki va parfyumeriya mahsulotlari uchun bojsiz chegara ham qayta ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, yangi mobil qurilma olib kirilganda (hatto shaxsiy foydalanish uchun bo‘lsa ham) yo‘lovchilar bojxona deklaratsiyasini to‘ldirishlari shart qilib qo‘yilgandi (telefon qiymatidan qat’i nazar), aks holda uni UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazishda boj (to‘liq qiymatining 30 foizi, endi 20 foizi) to‘lashga to‘g‘ri keladi.
2026-yil martiga qadar Bojxona qo‘mitasi “aholining real ehtiyojlaridan kelib chiqib”, bojsiz olib kirishning eng kam miqdoriy me’yorlarini oshirishni nazarda tutuvchi hujjat loyihasini ishlab chiqishi kerak edi.
Source: www.gazeta.uz