Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov “Milliy tiklanish” partiyasi yetakchisi Alisher Qodirovning Toshkentdagi tarixiy uyni saqlab qolish shart emasligi haqidagi e’tirozlariga munosabat bildirdi. Qodirovning fikrlari keng muhokamalarga sabab bo‘ldi, xususan, u shunday degan edi: “Toshkent shahrining o‘rtasida bitta eski qanaqadir, buzib tashlasa ham bo‘ladigan binoni madaniy meros sifatida atrofiga qo‘riqlab, butun sudga berib, janjallashib, to‘polonlashib yotilibdi. Hech kimga kerak emas, bir rus rassomining qanaqadir uyi ekan u. Olib ketilishi kerak uni, bizga nima keragi bor uning? Uning bizga madaniy meros sifatida qanday qadriyati? Qanaqa ahamiyati bor? U Shohi Zindaning oldida mingdan biriga to‘g‘ri keladimi? Rassom kim bo‘lishidan qat’i nazar”. Shuningdek, u agentlik umuminsoniy qadriyatlar agentligi emas, milliy madaniyatimizning agentligi ekanligini va birinchi o‘rinda milliy madaniyatimizga e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidlagan.

Madaniy meros agentligi gap Toshkent shahri Bobur ko‘chasi 7-uy manzilida joylashgan ikki qavatli bino haqida ketayotganiga aniqlik kiritdi. Bino atrofidagi bahslar ko‘p yillardan buyon davom etmoqda. U Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatidan bir chiqarilib, yana qayta kiritilgan. Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018-yilda uy joylashgan yer maydonini Universal Packing Masters kompaniyasiga ko‘p qavatli turar joy binosi qurish uchun ajratib bergan edi. Keyinchalik qurilish huquqi Jemchug House kompaniyasiga o‘tkazilgan. Aholining aksariyati ko‘chirib bo‘lingan. Kompaniya qolgan yagona mulkdorni sud orqali ko‘chirishga harakat qilgan. Sentabr boshida Madaniy meros agentligi Bosh prokuraturaga sobiq hokimning qaroriga huquqiy baho berishni so‘rab murojaat qilgan.

Agentlik binoning tarixiy ahamiyatini ta’kidlab, shunday dedi: “Madaniy meros obektiga „bugun bizga kerakmi yoki kerak emasmi?“ degan mezon bilan baho berilmaydi. Bobur ko‘chasi 7-uydagi bino 1935-yilda qurilgan. Ochiq tarixiy va ekspert materiallarida mazkur bino Toshkent shahrida faoliyat yuritgan taniqli me’mor Aleksey Viktorovich usev nomi bilan bog‘liq ekani qayd etilgan. Biroq binoning tarixi faqat uning me’mori bilan ham cheklanmaydi. Turli yillarda bu yerda O‘zbekiston ilm-fani va madaniyati rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan olim va professorlar, jumladan, akademiklar Toshmuhammad Qori Niyoziy, Vasiliy Shishkin, shuningdek, Rahim Otajonov, Natan Mallayev kabi mutaxassislar yashagan”. Agentlikning qo‘shimcha qilishicha, gap shunchaki eski turar joy binosi haqida emas, balki u XX asrda Toshkent shahrida me’morchilik, ilm-fan va shahar madaniyatining rivojlanishi bilan bog‘liq. Binoning me’moriy yechimi XX asrning birinchi yarmida Toshkent shahrining tarixiy shahar muhiti shakllanishi nuqtai nazaridan ham qiziqish uyg‘otadi. Obektning huquqiy maqomi tarixi ham alohida ahamiyatga ega.

2020-yilda agentlik huzuridagi Ilmiy-ekspert kengashi tomonidan mazkur binoni Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatigaga kiritish masalasi ma’qullangan. 2021-yilda obyektni milliy ro‘yxatdan chiqarish taklifi rad etilgan. Joriy yilning 5-avgustida agentlikka binoni ro‘yxatdan chiqarish bo‘yicha yana murojaat kelib tushgan va agentlik unga yana rad javobini bergan. 7-uyning eshiklaridagi e’lonlar ham bu bahs-munozaralar davom etayotganidan dalolat beradi.

Agentlik direktorining birinchi o‘rinbosari Elmurod Najimov “Bu rus rassomining uyi, u bizga nimaga kerak” degan vaj ortida prinsipial savol tug‘ilishini ta’kidladi: “Qaysi vaqtdan beri insonning millati binoning tarixiy qiymatini belgilaydigan bo‘lib qoldi? Madaniy merosning millati bo‘lmaydi. Unga boshqa millat vakili aloqador bo‘lgani uchungina o‘z qiymatini yo‘qotmaydi. Qolaversa, Toshkent tarixi — turli xalqlar vakillarining mehnati, bilimi, madaniyati va qo‘shgan hissasi evaziga shakllangan shahar tarixidir”. U madaniy merosni milliy belgisiga qarab o‘zimizniki va begonanikiga ajratishga urinish noto‘g‘ri yondashuv ekanligini, agar bugun tarixiy obyektning qiymatini me’mor, rassom, olim yoki ushbu tarix bilan bog‘liq boshqa shaxsning millatidan kelib chiqib belgilashni boshlasak, ertaga bu chegarani qayerdan o‘tkazishimiz mumkinligini so‘radi. “Bu kabi bayonotlar madaniy merosni saqlab qolishdek professional masalani huquqiy va ilmiy tekislikdan milliy qarama-karshilik tekisligiga olib chiqib qo‘yishi mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan keraksiz ijtimoiy keskinlikni keltirib chiqarishi mumkin”, — dedi u.

Najimovning so‘zlariga ko‘ra, biz madaniy merosning milliy bo‘linish quroliga aylanishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. “Madaniy meros — umumiy tariximizning bir qismi. U bitta millatga tegishli emas va unga aloqador bo‘lgan insonning kelib chiqishi sababli begona bo‘lib qolmaydi. Bizning vazifamiz u yoki bu tarixiy obyekt bugun kimga „kerakligini“ hal qilish emas. Bizning vazifamiz uning tarixiy va madaniy qiymatini aniqlash hamda qonun va professional ekspertizaga muvofiq uning saqlanishini ta’minlashdir. Bugun „bu uy bizga nima uchun kerak“ deb so‘rash mumkin. Ammo ertaga jamiyat bizdan „sizga ishonib topshirilgan tarixni saqlab qolish uchun nima qildingiz“ deb so‘rashi mumkin. Shuning uchun agentlik bundan keyin ham shaxsiy qarashlarga emas, qonunga, ilmiy ekspertizaga va madaniy merosni kelajak avlodlar uchun asrash tamoyiliga tayanadi”, — deya xulosa qildi u.

Agentlik yakunida gap faqat bitta bino haqida emasligini, balki o‘z tariximizga qanday munosabatda bo‘lishimiz haqida ekanligini ta’kidladi. “Toshkent tarixini turli me’moriy maktablar, ilmiy an’analar va o‘nlab yillar davomida shahar qiyofasini shakllantirgan turli madaniyatlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bu tarixning ayrim sahifalarini ular boshqa millat vakillari bilan bog‘liq bo‘lgani uchun o‘chirish — Toshkentning o‘z tarixini sun’iy ravishda kambag‘allashtirishdir. Shuning uchun savol “bu uy bizga nima kerak” tarzida emas, avvalo, “ushbu obektning tarixiy va madaniy qiymati nimada va uni qonun talablari asosida saqlab qolish uchun biz nima qilishimiz kerak” tarzida qo‘yilishi lozim. Agentlikning javobi esa aniq: professional, huquqiy va ilmiy asoslangan. Madaniy merosning millati bo‘lmaydi. U — tarix. Tarix esa “o‘zimizniki” va “begonaniki”ga bo‘linmaydi”, deya ta’kidladi agentlik.

Source: www.gazeta.uz