Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Bojxona qo‘mitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati (DXH) bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir davomida yirik miqdordagi giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasi to‘xtatildi.

Toshkent viloyatining Qibray tumanida dala hududidagi daraxtlar orasidan to‘rtta xo‘jalik qopi topilgan. Ularning ichida umumiy og‘irligi qariyb 95 kilogramm bo‘lgan 109 ta o‘ram gashish borligi aniqlangan. Bu miqdor mutaxassislar hisob-kitobiga ko‘ra, 700 ming dozaga teng. Qora bozordagi qiymati esa $10 milliondan oshishi mumkin.

Giyohvand moddalarni yashirgan shaxslarni qo‘lga tushirish maqsadida hudud bir necha kun davomida kuzatuv ostida bo‘lgan. Sakkizinchi kuni giyohvand moddalarni olish uchun kelgan ikki nafar fuqaro qo‘lga olindi. Shuningdek, giyohvand moddalarni shu joyga yashirish va olib ketish bo‘yicha ko‘rsatma bergan shaxs ham ushlandi.

Jinoyatning tashkilotchisi ilgari benzin kontrabandasi bilan bog‘liq jinoyat uchun javobgarlikka tortilgani ma’lum bo‘ldi. Hozirgi vaqtda ushbu fakt bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, bu kabi tezkor tadbirlar giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanishiga qarshi kurashishda muhim ahamiyat kasb etadi. Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilayotgan tergov jarayonida voqeaning barcha tafsilotlari va aloqador shaxslar doirasi aniqlanmoqda.

Source: uznews.uz