21-oktabr kuni Aichi-Nagoyadagi Para Osiyo o‘yinlarining uchinchi kun bahslari o‘ta qizg‘in va murosasiz bahslarga boy tarzda bo‘lib o‘tdi. Ushbu kunda o‘zbekistonlik sportchilar yuqori natijalarni qayd etib, jami 33 ta medalni — 12 ta oltin, 9 ta kumush va 12 ta bronzani qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lishdi. Mazkur muvaffaqiyatli natijalar evaziga O‘zbekiston delegatsiyasining umumiy ko‘rsatkichi 30 ta oltin, 30 ta kumush va 30 ta bronzani tashkil etib, jami 89 taga yetdi va mamlakat umumjamoa hisobida Xitoy hamda Yaponiyadan keyingi uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
Musobaqaning para pauerlifting yo‘nalishida ayollar o‘rtasida (73 kg vazn toifasida) bahs olib borgan Roza Qo‘ziyeva 152 kg og‘irlikdagi toshni bo‘ysundirib, nafaqat shohsupaning eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi, balki jahon rekordini ham yangiladi. Shu sport turi doirasida erkaklar o‘rtasida Bekzod Jamilov (80 kg, 229 kg) va Ruxshona O‘ktamova (67 kg, 127 kg) ham raqiblariga imkon qoldirmay, chempionlik unvoniga sazovor bo‘lishdi.
Para yengil atletika bahslarida ham mamlakat vakillari bir qator rekordlarni qayd etishdi. Xususan, Doston Qahhorov (T36, 400 m, 54,42 s), Boburjon Omonov (F41, yadro uloqtirish, 13,07 m) va Qudratilloxon Ma’rufxo‘jayev (F37, disk uloqtirish, 57,39 m) Para Osiyo o‘yinlari rekordlarini yangilab, oltin medallarga ega chiqishdi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasida F32 klassida yadro uloqtirish finalida qatnashgan Xurshid Қодиров 9,40 metr natija ko‘rsatib, musobaqa rekordini o‘rnatgan holda oltin medalni qo‘lga kiritdi.
Para suzish, para dzyudo, para taekvondo va para veloshosse yo‘nalishlarida ham sportchilarimiz yuqori salohiyat namoyish etishdi. Xususan, Yegor Bolotov (S13, 100 m chalqancha, 58,43 s Osiyo rekordi) va Muslima Odilova (S13, 100 m chalqancha) oltin medallarni qo‘lga kiritdi. Para dzyudochi Dovurxon Karomatov (J2, -95 kg), para taekvondochi Guljanoy Naimova (+65 kg) va para veloshosse ustasi Marjona Pardaboyeva (T1−2) ham chempionlik unvoniga sazovor bo‘lishdi.
Shuning bilan birga, delegatsiya hisobiga kumush va bronza medallarini keltirgan sportchilar ham talaygina bo‘ldi. Para veloshosse, yengil atletika, dzyudo, taekvondo va pauerlifting yo‘nalishlarida qatnashgan Odina Hamdamova, Robiyaxon Toshpo‘latova, Bunyod Hayitmahammadov, Mohigul Sharobidinova, Sabina Suxanova, Sunnat Botirov, Mohinur Parmonova, Islomjon To‘xtaboyev, Umarjon Mo‘ydinov hamda yana bir qator iqtidorli sportchilar shohsupaning ikkinchi va uchinchi pog‘onalaridan joy olishdi.
Source: www.gazeta.uz