Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan bolalar saratoniga bag‘ishlangan ikkinchi xalqaro kongress doirasida og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi Global tarmoq tuzilgani e’lon qilindi. Ushbu tashabbus haqida AQShdagi St. Jude bolalar tadqiqot shifoxonasi vitse-prezidenti hamda St. Jude Global direktori Karlos Rodriges-Galindo ma’lum qildi.
Mazkur xalqaro tarmoq hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir kasalliklar, jumladan, onkologik xastaliklarga chalingan bolalarga yordam ko‘rsatish maqsadida davlat rahbarlarining turmush o‘rtoqlari va birinchi xonimlarni xalqaro hamkorlik hamda tajriba almashish yo‘lida birlashtirishi kutilmoqda. Zamin fondining xabar berishicha, ushbu tuzilmaning ikki yil muddatga raisi etib O‘zbekiston birinchi xonimi, fond Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva saylangan.
Joriy yilgi kongress “Bolalar farovonligiga investitsiya: Kelajak avlodlar barqaror va adolatli taraqqiyoti sari yo‘l” deb nomlangan Jahon sammiti doirasida tashkil etildi. Anjuman ishida O‘zbekiston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiya sog‘liqni saqlash vazirliklari rahbarlari, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Xalqaro bolalar onkologlari jamiyati va Yevropa onkologlar maktabi vakillari ishtirok etmoqda.
Kongress davomida so‘zga chiqqan Ziroat Mirziyoyeva xalqaro hamjamiyat va mas’ul tuzilmalarni kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, dard va kasallik hech qanday siyosiy chegara yoki millat tanlamasligini inobatga olib, hech bir bola o‘z muammosi bilan yolg‘iz qolmasligi lozim.
Tadbirda shuningdek, uzoq muddat davolanayotgan kichik bemorlarning ta’lim olishini ta’minlovchi “Mehrli Maktab” shifoxona maktabi o‘quvchilari ham qatnashib, o‘zlarining hayotiy hikoyalari bilan bo‘lishdilar.
Source: www.gazeta.uz