23-sentabr kuni Jahon banki O‘zbekiston Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan hamkorlikda tayyorlangan “O‘zbekistonda kambag‘allik va tenglikni baholash: farovonlikka erishish va barcha uchun imkoniyatlarni kengaytirish sari” nomli yangi hisobotini taqdim etdi. Tadbirda hukumat vakillari, xalqaro ekspertlar va boshqa manfaatdor tomonlar ishtirok etdi.
Hisobotda qayd etilishicha, O‘zbekiston so‘nggi yillarda kambag‘allik darajasini 5,8 foizgacha pasaytirishga erishdi, bu esa 3,7 million kishining kambag‘allikdan chiqishini anglatadi. Shu bilan birga, o‘rta sinf ulushi 37 foizdan 72 foizgacha o‘sdi. Ushbu ijobiy o‘zgarishlar mamlakatda iqtisodiy islohotlar va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash bo‘yicha olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasidir.
Tadbirda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Botir Zahidov videomurojaat orqali ishtirok etib, hisobot bandlik va ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar mamlakatning har bir mintaqasidagi oilalar uchun real natija berayotganini tasdiqlashini ta’kidladi. “Vazirlik munosib ish o‘rinlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholi daromadlarini oshirish va ijtimoiy himoya tizimini mustahkamlash borasidagi ishlarini davom ettiradi, toki kambag‘allikni qisqartirishda erishilgan yutuqlar barqaror bo‘lib, mamlakatning barcha hududlarini qamrab olsin”, — dedi u.
Jahon bankining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy amaliyot direktori Abebe Adugna O‘zbekiston oldida turgan keyingi vazifa mamlakatdagi barcha odamlar, qayerda yashashidan, jinsidan yoki ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, xavfsiz va farovon hayot qurish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalar, xizmatlar va imkoniyatlardan foydalana olishini ta’minlashdan iborat ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu borada yanada ko‘proq harakat qilish talab etiladi.
Jahon bankining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Naji Benxassin esa O‘zbekiston kambag‘allikni qisqartirish bilan cheklanib qolmasdan, barqaror iqtisodiy imkoniyatlar yaratish va o‘rta sinfni mustahkamlash sari harakatlanayotganini ta’kidladi. “Erishilgan natijaning barqarorligini ta’minlash va uni mamlakatning har bir viloyati, tumani hamda mahallasiga tarqatish uchun inson kapitaliga sarmoya kiritish, mehnat bozoriga borgan sari yuqori malaka bilan kirayotgan yoshlar uchun ish o‘rinlari yaratish, ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish, hududlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni oshirish va samarali ijtimoiy himoya tizimi hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘ladi”, — dedi u.
Shundan so‘ng Jahon banki katta iqtisodchisi Ikuko Uochi va tashkilot yetakchi iqtisodchisi Obert Pimhidzai O‘zbekistondagi kambag‘allik va tenglikni baholash natijalari bilan batafsil tanishtirib o‘tdi. Hisobotda kambag‘allik darajasi 2021−2025-yillar oralig‘ida sezilarli pasaygani, milliy maqsadli ko‘rsatkichga (6 foiz) muddatidan oldin erishilgani qayd etilgan. Xalqaro o‘lchovlar bo‘yicha ham yutuqlar mavjud: yuqori-o‘rta daromadli mamlakatlar uchun xalqaro kambag‘allik darajasi 26 foiz bandga pasaygan, bu Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasidagi kambag‘al aholi soni qisqarishining 40 foizini tashkil etadi.
Hisobotda aholining iqtisodiy sinflar bo‘yicha harakati tahlil qilingan. 2021−2025-yillarda har 10 kishidan 4 nafari (43,6 foiz) yuqoriroq iqtisodiy sinfga ko‘tarilgan, natijada o‘rta sinf ulushi 72 foizga yetgan. Biroq, har beshinchi kishi hanuzgacha ta’sirchan guruhda qolmoqda, ya’ni kambag‘allikka qaytish ehtimoli 10 foizdan yuqori. Bu guruhga e’tibor qaratish zarurligini ko‘rsatadi.
Bandlik sohasida ijobiy siljishlar kuzatilgan: 2022−2025-yillarda kambag‘allik darajasi 8,4 foiz bandga pasaygan, buning 3,1 foizi yollanma bandlikning oshishi, 6,1 foizi esa yollanma mehnat daromadlarining o‘sishi hisobiga yuz bergan. Eng kam daromadli 20 foiz erkaklar orasida yollanma bandlik darajasi keskin oshgan. Shu bilan birga, xalqaro mehnat migratsiyasi, qishloq xo‘jaligidagi faoliyat va o‘zini-o‘zi band qilish ulushi kamaygan. Yaratilayotgan ish o‘rinlarining aksariyati norasmiy va past unumdorlikka ega: yangi ish o‘rinlarining uchdan ikki qismi qurilish va savdo sohalarida bo‘lib, ularning 85 foizi norasmiy. Real mehnat unumdorligi 4,2 foizga pasaygan.
O‘rta sinfning kengayishida xususiy sektorda ish haqining oshishi asosiy omil bo‘lgan. Toshkent shahrida o‘rta sinf kengayishining uchdan ikki qismi xususiy sektordagi ish haqi hisobiga ta’minlangan bo‘lsa, poytaxtdan tashqarida bu ko‘rsatkich 40 foizni tashkil etadi, yana 25 foiz hissa davlat korxonalaridagi ish haqi o‘sishiga to‘g‘ri keladi. O‘rta sinfga mansublik oliy ma’lumot, ishga ega bo‘lish, xizmat ko‘rsatish sohasida yoki yuqori malakali ish o‘rnida bandlik bilan bog‘liq.
Hisobot mualliflari ta’kidlashicha, o‘rta sinfning kengayishi soliq-budjet siyosati bo‘yicha ijtimoiy shartnomani o‘zgartirmoqda. O‘rta sinfdan soliq tushumlarining ko‘payishi samarali ijtimoiy xarajatlar uchun imkoniyat yaratmoqda. Biroq, o‘rta sinfga mansub uy xo‘jaliklari ham sezilarli to‘lov va subsidiyalar olishda davom etishi daromadlarni qayta taqsimlash samaradorligini pasaytirishi mumkin. Shu bilan birga, bu toifa kam ta’minlangan oilalarga yordam ko‘rsatishni qo‘llab-quvvatlaydi va ta’lim hamda sog‘liqni saqlash xizmatlari sifatini oshirishni talab qilmoqda.
Kambag‘al va ijtimoiy himoyaga muhtoj aholining ahvoli tahlil qilinganda, ularning 55 foizi iqtisodiy faol emasligi, bu ko‘rsatkich yuqori-o‘rta sinfga nisbatan uch baravar ko‘p ekani aniqlangan. Ishlaydiganlarning deyarli yarmi norasmiy band. Xususiy sektordagi yuqori malakali ish o‘rinlarining yarmi Toshkent shahri va viloyatida joylashgan. Eng ko‘p maosh to‘lanadigan moliya va telekommunikatsiya sohalarida yuqori malakali ish o‘rinlarining deyarli uchdan ikki qismi Toshkent shahrida. Toshkentdan tashqarida yuqori malakali ish o‘rinlarining cheklanganligi xalqaro mehnat migratsiyasini rag‘batlantirmoqda: kambag‘al uy xo‘jaliklarining yarmidan ko‘pida mehnat migrantlari mavjud, o‘rta sinfda bu ko‘rsatkich 6,5 foiz.
Jahon banki kelajakda uchta asosiy natijani kutmoqda: kengroq imkoniyatlardan aholining barcha qatlamlari teng foydalanishini ta’minlash, xotin-qizlarning iqtisodiy hayotdagi ishtirokini kengaytirish, soliq-budjet siyosati va ijtimoiy himoya tizimining adolatliligini oshirish. Bunga erishish uchun iqtisodiy rivojlanishda ortda qolayotgan hududlarni o‘sish qutblari bilan bog‘lash, hamyonbop uy-joy, fundamental bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish zarur. Infratuzilmadagi kamchiliklar va hududlarning o‘zaro bog‘liqligi darajasi inklyuziv mintaqaviy rivojlanishni cheklamoqda. Katta shaharlardan uzoqlashgan sari iqtisodiy o‘sishning tarqalishi susayib boradi.
Hisobotda ta’lim sohasidagi muammolar ham ko‘rsatilgan: PISA-2022 natijalariga ko‘ra, 15 yoshli o‘quvchilarning 80 foizi bilim bo‘yicha minimal talablar darajasida ta’lim olmagan. Oliy ta’lim qamrovi hududlar kesimida bir xil emas: Toshkent shahrida 63 foiz, Namanganda 23 foiz. Bu kambag‘al uy xo‘jaliklari a’zolarining yuqori maoshli ish topishiga to‘sqinlik qilmoqda. Ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, o‘qituvchilar tayyorlash, bilimlarni baholash tizimini yaxshilash, to‘liq kunlik maktablar tarmog‘ini kengaytirish, raqamli kasb-hunar va oliy ta’lim imkoniyatlarini, ayniqsa STEM va AKT sohalarida kengaytirish talab etiladi.
Ayollar bandligi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Kambag‘al uy xo‘jaliklarida iqtisodiy faol bo‘lmagan katta yoshdagilarning 92 foizi ayollardir. Har bir kambag‘al uy xo‘jaligiga qaramog‘ida bo‘lgan 2,5 nafar bola va qariya to‘g‘ri keladi, yuqori-o‘rta sinfda bu ko‘rsatkich 1,2. 2 yoshgacha bolalari bor onalarning ish bilan band bo‘lish ehtimoli qolganlardan 36 foizga pastroq. Buni bartaraf etish uchun parvarishlash xizmatlari infratuzilmasini yaratish, bolalar parvarish qilish bo‘yicha maqbul narxdagi xizmatlarni kengaytirish, ijtimoiy himoya tizimi doirasida bolalarni parvarish qilishni manzilli qo‘llab-quvvatlash, to‘liq kunlik boshlang‘ich maktablar tarmog‘ini kengaytirish, ayollar uchun STEM, AKT, sun’iy intellekt, turizm va mehmondo‘stlik sohalarida texnik va kasb-hunar ta’limi dasturlarini kengaytirish tavsiya etiladi.
Ijtimoiy himoya tizimida ham muammolar mavjud: kam ta’minlangan oilalar nafaqasini to‘lash qamrovi qisqargan (2022-yildagi 26,1 foizdan 2025-yilda 7,8 foizgacha). Kambag‘al uy xo‘jaliklarining 45 foizi mehnat daromadiga ega emas. Yaxshi yo‘naltirilgan va moslashuvchan ijtimoiy himoya tizimi kambag‘al va ta’sirchan uy xo‘jaliklarini samarali qo‘llab-quvvatlaydi. Shu sababli nafaqa qamrovini kengaytirish, manzilli tayinlash aniqligini oshirish, ijtimoiy himoya tizimini shoklarga tezkor javob bera oladigan darajada moslashuvchan qilish, manzilsiz energiya subsidiyalarini qisqartirish va bo‘shagan mablag‘larni manzilli yordamga yo‘naltirish zarur.
Jahon banki, shuningdek, pensiya yoshini ayollar va erkaklar uchun bosqichma-bosqich tenglashtirishni tavsiya qilgan, bu mehnat faoliyati va pensiya badallarini to‘lash davrini uzaytirishga qaratilgan.
Source: www.gazeta.uz