Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro antidoping agentligi (ITA) Osiyo o'yinlari oldidan o'tkazilgan navbatdan tashqari tekshiruvlarda o'zbekistonlik ikki sportchining namunalarida taqiqlangan moddalar aniqlanganini ma'lum qildi. Bu haqda ITA rasmiy bayonot tarqatdi.

23-sentabr kuni Yaponiyada o'tkazilgan navbatdan tashqari nazorat chog'ida o'zbekistonlik kanoeshchi Pavel Eygeldan olingan namunada trimetazidin moddasi topilgan. Ushbu modda Butunjahon antidoping agentligining (WADA) taqiqlangan ro'yxatiga S4 toifasi — "Gormonlar va metabolizm modulyatorlari" bo'yicha kiritilgan. Trimetazidin yurak mushaklarining qon bilan ta'minlanishini yaxshilash orqali yurak kasalliklarini davolash va oldini olishda qo'llaniladi.

Shuningdek, 22-sentabr kuni Yaponiyada o'zbekistonlik aralash yakkakurash sportchisi Nodirbek Shavkatovdan olingan namunada meldoniy moddasi aniqlangan. Meldoniy ham WADA ro'yxatining S4 toifasiga kiradi va musobaqadan oldin ham, keyin ham qo'llanilishi taqiqlanadi. Ushbu modda kislorod iste'molini oshirish va energiya almashinuviga ta'sir qilish orqali chidamlilik va tiklanishni yaxshilab, sport samaradorligini oshirishi mumkin.

Har ikki sportchi ham tahlil natijalari to'g'risida xabardor qilingan va Butunjahon antidoping kodeksi hamda OCA antidoping qoidalariga muvofiq, tergov yakunlangunga qadar vaqtincha chetlashtirilgan. Chetlashtirish davrida ular Aichi-Nagoya 2026 Osiyo o'yinlari doirasida musobaqalarda, mashg'ulotlarda, murabbiylik faoliyatida yoki boshqa har qanday sport faoliyatida qatnasha olmaydi.

Sportchilar vaqtincha chetlashtirish qaroriga Sport arbitraj sudining Antidoping bo'limiga (CAS ADD) shikoyat qilish huquqiga ega. Shuningdek, ular B namunasini tahlil qilishni talab qilishlari mumkin.

Source: uznews.uz