Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markaziy bank 2026-yil ikkinchi choragi yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston ko‘chmas mulk bozori tahlilini e’lon qildi. Regulyator bahosiga ko‘ra, uy-joyga talab va taklif bir vaqtning o‘zida o‘sishda davom etgan: talabni aholi daromadlarining oshishi, yuqori iqtisodiy faollik va ipoteka kreditlari qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, taklif qurilish hajmi va uy-joyga investitsiyalar o‘sishi hisobiga kengaygan.

Aprel-iyun oylarida 74,4 mingta ko‘chmas mulk oldi-sotdi bitimi qayd etildi. Bu 2025-yilning ikkinchi choragiga nisbatan atigi 0,1 foizga ko‘p. Shu bilan birga, yil davomida dinamika bir xil bo‘lmagan. Markaziy bank grafigidan ma’lum bo‘lishicha, birinchi chorakda qariyb 110 mingta bitim rasmiylashtirilgan — bu ikkinchi chorakdagidan ancha ko‘p. Regulyator bu sakrashni eskrou tizimining joriy etilishi bilan izohlaydi: yangi tartibga o‘tishdan oldin bitimlarning bir qismi mart oyida oldindan rasmiylashtirilgan. Yangi mexanizm aprel-may oylarida ishlay boshlaganidan so‘ng bitimlar soni vaqtincha kamaygan, iyunda esa faollik yana tiklangan.

Hududlar kesimida ikkinchi chorakda bitimlar soni Xorazm viloyatida eng sezilarli darajada — 17,8 foizga oshgan. Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida o‘sish qariyb 7,5 foizni, Qoraqalpog‘istonda 6,1 foizni tashkil etgan. Toshkentda bitimlar soni 2 foizga oshgan. Farg‘ona, Buxoro, Jizzax, Samarqand va Toshkent viloyatlarida esa bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan biroz pasaygan. Markaziy bank ayrim hududlardagi nisbatan sust dinamikani, jumladan, bitimlarning oylar va choraklar o‘rtasida bir martalik qayta taqsimlangani bilan bog‘laydi. Birinchi yarim yillikni to‘liq hisobga olganda esa, Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, bitimlar soni mamlakatning barcha hududlarida sezilarli oshgan.

Markaziy bank talabni qo‘llab-quvvatlayotgan asosiy omillardan biri sifatida ipoteka kreditlarini ko‘rsatmoqda. Ikkinchi chorakda banklar 7,4 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratdi — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 48 foizga ko‘p. Yanvar-iyun oylarida ipoteka kreditlari hajmi 13,1 trln so‘mga yetdi va bir yilda 38 foizga oshdi. O‘tgan yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 9,5 trln so‘m bo‘lgan. Ipoteka kreditlarining o‘sishi, ayniqsa, birlamchi uy-joy bozoridagi talabni sezilarli darajada qo‘llab-quvvatlamoqda. Shu bilan birga, iqtisodiyotning real o‘sishi 7,2 foizdan 8,5 foizgacha, qurilish ishlari o‘sishi esa 10,7 foizdan 13,8 foizgacha tezlashgan. Qurilish va uy-joy qurilishining umumiy investitsiyalar hajmidagi ulushi 16 foizdan 17,7 foizgacha oshgan. Aholining real daromadlari o‘sishi esa, aksincha, biroz sekinlashgan — o‘tgan yil yanvar-iyun oylaridagi 9,5 foizdan bu yil 9,2 foizgacha. Aholi jon boshiga daromadlar 7,3 foizga oshgan.

Uy-joy bozoridagi taklif ham kengayishda davom etmoqda. Birinchi yarim yillikda bajarilgan qurilish ishlari hajmi o‘tgan yilning yanvar-iyun oylariga nisbatan 13,8 foizga oshgan. Bevosita uy-joy qurilishiga 27,3 trln so‘m investitsiya yo‘naltirilgan — bu asosiy kapitalga kiritilgan barcha investitsiyalarning 8,1 foizini tashkil etadi. Qurilish faoliyati va uy-joy qurilishiga yo‘naltirilgan investitsiyalar birgalikda 59,8 trln so‘mga yoki barcha investitsiyalarning 17,7 foiziga yetgan. Markaziy bankning qayd etishicha, katta hajmdagi investitsiyalar uy-joy bozorida taklifning bosqichma-bosqich oshishi uchun zamin yaratadi. Yanvar-iyun oylarida O‘zbekistonda 7,7 mln kv. m uy-joy foydalanishga topshirildi — bu o‘tgan yilga nisbatan 7,2 foizga ko‘p. Faqat ikkinchi chorakning o‘zida foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni yillik hisobda 7,7 foizga oshgan. Shu bilan birga, foydalanishga topshirilgan uylar soni deyarli o‘zgarmagan — 30,8 mingtadan 30,9 mingtaga yetgan, o‘sish atigi 0,3 foizni tashkil etgan. Uy-joyning umumiy maydoni ancha tez o‘sgani sababli, Markaziy bank foydalanishga topshirilayotgan obyektlarning o‘rtacha maydoni oshgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda. Taklif tarkibida nisbatan yirik yakka tartibdagi uylarning ulushi yuqori bo‘lib qolgan. Ko‘p qavatli uylarda foydalanishga topshirilgan maydon 2025-yilning birinchi yarim yilligidagi 24 ming kv. metrdan 2026-yil yanvar-iyun oylarida 16,6 ming kv. metrgacha qisqargan — 30,8 foizga. Ayni vaqtda 1000 aholiga to‘g‘ri keladigan foydalanishga topshirilgan uy-joy maydoni 190,5 kv. metrdan 200,7 kv. metrgacha yoki 5,4 foizga oshgan. Uy-joyni foydalanishga topshirish hajmi eng yuqori sur’atlarda Xorazm viloyatida — 22,9 foizga va Toshkentda — 21,5 foizga o‘sgan. Farg‘ona viloyatida o‘sish 11,3 foizni, Jizzaxda 10,7 foizni, Andijonda 8,2 foizni tashkil etgan.

Markaziy bank taklifning barqaror o‘sishi talabning ortib borishini muvozanatlashtirishga yordam beradi va narxlarning yanada mo‘tadil dinamikasiga xizmat qiladi, deb hisoblaydi. Qurilish ishlari va investitsiyalarning yuqori hajmi kelgusida ham bozorga yangi takliflar chiqishini ta’minlashi kerak. Markaziy bank ochiq internet platformalaridagi e’lonlarni ham alohida tahlil qildi. Ikkinchi chorakda birlamchi bozordagi e’lonlar soni birinchi chorakka nisbatan 5,5 foizga oshgan. Ijaraga taklif qilinayotgan uy-joylar soni esa 4,9 foizga ko‘paygan. Ikkilamchi bozorda esa teskari dinamika kuzatilgan: e’lonlar soni 4,8 foizga, yer uchastkalarini sotish bo‘yicha e’lonlar soni esa 3 foizga kamaygan.

Ikkinchi chorakda ko‘chmas mulk narxlarining o‘sishi davom etgan, biroq Markaziy bank uni iqtisodiy o‘sish va aholi daromadlari o‘sishi sur’atlariga nisbatan mo‘tadil deb baholagan. Iyunda birlamchi bozorda ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar o‘rtacha hisobda o‘tgan yilning shu oyiga nisbatan so‘mda 6,2 foizga qimmatlashgan. Dollar hisobida o‘sish 12 foizni tashkil etgan. Ikkilamchi bozorda ham dinamika deyarli shunday bo‘lgan: narxlar so‘mda 6,3 foizga, dollarda 12,2 foizga oshgan. Markaziy bank grafiklari so‘nggi bir necha yilda narxlar dinamikasi sezilarli o‘zgarganini ko‘rsatadi. 2023−2024-yillardagi juda yuqori yillik o‘sish sur’atlaridan so‘ng 2025-yilda o‘sish ancha sekinlashgan, 2026-yil o‘rtasiga kelib esa yana tezlasha boshlagan. Markaziy bankning qayd etishicha, birlamchi va ikkilamchi bozorlardagi deyarli bir xil dinamika uy-joyga talab umumiy ravishda barqaror shakllanayotganidan dalolat beradi. Shu bilan birga, Toshkentdan tashqari hududlarda narxlar tezroq oshgan. Regulyator buni hududlardagi dastlabki narxlar bazasi nisbatan pastligi, aholi daromadlarining o‘sishi, shuningdek, qurilish va investitsiya faolligining kengayishi bilan bog‘laydi. Markaziy bankning narx indekslari faqat birlamchi va ikkilamchi bozorlardagi ko‘p qavatli uylardagi kvartiralarni hisobga oladi. Yakka tartibdagi uy-joylar narxi hisob-kitoblarga kiritilmagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 1-sentabr holatiga ko‘ra 12 ta yirik aglomeratsiyada kvartiralar, yakka tartibdagi uy-joylar va noturar ko‘chmas mulk narxlari monitoringi natijalari e’lon qilingan edi. O‘zbekistonning 35 ta shahar va tumanida kvartiralarning o‘rtacha narxi bir kv. metr uchun Quvasoydagi 4,5 mln so‘mdan Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 25,3 mln so‘mgacha yetadi. Yakka tartibdagi uy-joylar esa poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumanida eng qimmat bo‘lib, bir sotix qariyb 1,72 mlrd so‘mga baholangan.

Source: www.gazeta.uz