Toshkent – AN Podrobno.uz. Janubiy Koreyaning Incheon International Airport Corporation kompaniyasi rekonstruksiyadan so‘ng Urganch aeroportining yangi yo‘lovchi terminalini 19 yil davomida boshqaradi. Bu haqda Podrobno.uz muxbiriga Incheon International Airport Corporation loyiha menejeri Yu Beng Nam ma’lum qildi.
Incheon International Airport Corporation 1999-yilda tashkil etilgan. Kompaniya Incheon aeroportini qurish, boshqarish va ekspluatatsiya qilish bilan shug‘ullanadi, shuningdek, konsalting loyihalarini amalga oshiradi va xorijiy aeroportlarni boshqarishda ishtirok etadi.
Xalqaro loyihalarni Incheon 2009-yilda Iroqdagi Erbil aeroportini operatsion qo‘llab-quvvatlashdan boshlagan. O‘shandan beri kompaniya 18 mamlakatda 39 ta loyihani qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonda u avval Toshkent aeroporti bilan bog‘liq loyihalarda qatnashgan, 2025-yilda esa Urganch aeroportini rivojlantirish va boshqarish loyihasining afzal ishtirokchisi etib tanlangan.
“Biz uchun boshqaruvning mohiyati – bu xizmat. 25 yil davomida biz xizmat ko‘rsatish sohasida o‘z nou-xaularimizni to‘pladik”, – dedi u.
Uning so‘zlariga ko‘ra, koreys tomoni bu tajribani Urganchga moslashtirish niyatida, bu esa yo‘lovchilar uchun aeroport tartib-qoidalaridan o‘tishni yanada qulay va tez qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, ikki aeroportning ko‘lami sezilarli darajada farq qiladi, shuning uchun Incheon texnologiyalarini to‘liq Urganchga ko‘chirish mumkin emas – ular mahalliy sharoitga moslashtiriladi.
Incheonning vakolatlari birinchi navbatda yangi terminal va u bilan bog‘liq yordamchi infratuzilmaga tarqaladi. Samolyotlarni kutib olish va jo‘natish, shuningdek ularga texnik xizmat ko‘rsatish o‘zbek tomonida qoladi.
Avvalroq, 17-avgust kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevga Urganch aeroportini rekonstruksiya qilish loyihasi taqdim etilgani xabar qilingandi. Modernizatsiyadan so‘ng havo bandargohi keng fyuzelyajli Boeing 747 va Airbus A350 samolyotlarini qabul qila oladi.
Source: podrobno.uz