Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahar sudida «Real Sanjik» nomi bilan tanilgan tadbirkor Sanjar Karimovga oid jinoyat ishi bo‘yicha apellyatsiya muhokamasining muzokara bosqichi yakunlandi. 28-sentabrdagi majlisda Karimov o‘ziga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan himoya pozitsiyasini batafsil bayon qildi. U Alimboyevlar oilasining uyi bilan bog‘liq epizod, tintuvlarning qonuniyligi va otasiga tegishli paltodagi DNK ekspertizasi xulosalariga keskin e’tiroz bildirdi.

Karimovning ta’kidlashicha, Alimboyevlar oilasining uyini egallash yoki unga nisbatan jinoiy niyatda harakat qilish maqsadi bo‘lmagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, voqealar 2024-yil avgustida boshlangan: 6−7-avgust kunlari Shahzod Rismatov unga ko‘chmas mulk sotib olish va pul ajratish taklifi bilan murojaat qilgan. Karimov Rismatovni avvaldan taniganini, Alimboyevlar oilasini esa ilgari tanimaganini aytdi. «Uyni rasmiylashtirish tashabbusi Rismatov tomonidan bo‘lgan. Men Alimboyevlar oilasini tanimaganman», — dedi u.

Sudlanuvchining bayonotiga ko‘ra, u notariusga 240 ming dollar bilan borgan va pul Rismatovga berilgan. Uy hamda ikkita avtomobil ushbu mablag‘ning kafolati sifatida rasmiylashtirilgan. «Uy men uchun pullarimning garov-kafolati edi», — dedi Karimov. Kelishuvga ko‘ra, Rismatov 12 kundan keyin pulni qaytarishi, shundan so‘ng uy avvalgi egalari nomiga qayta rasmiylashtirilishi kerak bo‘lgan. «Bu kelishuv notariusda ham muhokama qilingan», — deydi u. Karimov Alimboyevlar oilasi hujjatlari oldi-sotdi shartnomasi shaklida rasmiylashtirilayotganini bilganini, biroq Rismatovning va’dasiga ishonganini bildirdi.

Karimov Rismatov bilan Dubayda birgalikda biznes qilishni rejalashtirgani haqidagi ayblovni rad etdi. «Qanday qilib men 240 ming dollarimni berib, Rismatov bir so‘m ham sarflamasdan, foydaning yarmini oladigan biznesga rozi bo‘lishim mumkin?» — dedi u. Uning aytishicha, Rismatov xorijga ketib, pulni qaytarmagan va 240 ming dollar uning Muallanov oldidagi qarzini to‘lashga sarflangan. Karimov Rismatov yo‘qolganidan keyin ayrim shaxslar avtomobillarni qaytarishni so‘raganini, mashinalar haqiqiy egalariga qaytarilganini aytdi.

Sudlanuvchi uyni Alimboyevlar oilasiga qaytarishga bir necha bor uringanini ta’kidladi. «Ushbu oilaning fojiasi chuqurligini tushunib yetganimdan so‘ng o‘z pullarimni qurbon qilib, o‘zimga hisob berib, uyni ixtiyoriy ravishda qaytarib berdim. Bu mening harakatlarimda tasdiqlanadi», — dedi u. Karimov birinchi suddan keyin ham oila bilan kelishishga harakat qilganini, Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasida uyni qaytarishga tayyorligini aytganini, ammo oila buni ehson yoki zakot sifatida qabul qila olmasligini bildirganini aytdi.

Jabrlanuvchi Feruza Rahmatullayevaga nisbatan bosim o‘tkazgani haqidagi ayblovni Karimov rad etdi. «Men Rahmatullayevaga hech qachon biror-bir tazyiq yoki yomon harakat qilmaganman, qilish niyatim ham bo‘lmagan. Uning manziliga ham biror-bir tazyiq o‘tkazish bo‘lmagan», — dedi u. Shuningdek, u giyohvand moddalar bilan bog‘liq epizodga to‘xtalib, tintuv jarayonida sud sanksiyasi berilgan xonadondan tashqari, alohida kadastr raqamlariga ega bo‘lgan yana uchta xonadonga kirilganini aytdi. «Qonun talablariga zid ravishda xodimlar orderda ko‘rsatilmagan mutlaqo boshqa eshik orqali kirishgan va uchta kvartirada noqonuniy tintuv o‘tkazishgan. Ularga sud ruxsati taalluqli bo‘lmagan», — deydi Karimov.

U tintuv vaqtida ayrim eshiklar buzilganini, ba’zilari kodli va parolli qulflar bilan himoyalanganini aytdi. «Ixtiyoriy ravishda kirishni ta’minlashni taklif qilmasdan, xodimlar qulflash moslamalarini buzib, sindirib, vakolatlarini oshirib yuborgan holda harakat qilishgan. Men o‘z konstitutsiyaviy huquqlarimga egaman. Qonun bo‘yicha taxminlarga asoslanib hukm chiqarish mumkin emas. Lekin menga nisbatan hukm taxminlarga asoslanib chiqarildi», — dedi sudlanuvchi. Uning ta’kidlashicha, giyohvand moddalarni sotishga tayyorgarlik ko‘rilganini ko‘rsatuvchi ashyolar topilmagan, telefonlar, kompyuterlar, bank hisoblari va elektron hamyonlar tekshirilgan bo‘lsa-da, jinoiy yozishmalar yoki moliyaviy operatsiyalar aniqlanmagan.

Karimov tintuv davomida topilgan moddalar uning marhum otasining davolanishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini aytdi. «Otam AQSh fuqarosi bo‘lgan. U og‘ir kechadigan Parkinson kasalligidan aziyat chekkan. Shifokor rasmiy ravishda aynan o‘zi retsept yozib bergani va tetragidrokannabinol hamda kannabis asosidagi tibbiy preparatlarni tayinlaganini tasdiqlaydi. Bu faqat og‘ir titroq va Parkinson kasalligi simptomlarini bartaraf etish uchun bo‘lgan», — dedi u. Otasi vafot etganidan keyin tintuv o‘tkazilgunga qadar atigi bir oy o‘tgani va marhumning buyumlarini yig‘ishtirishga ulgurmaganini bildirdi.

Sudlanuvchi paltodan topilgan DNK izlari bo‘yicha ekspertiza xulosasiga ham e’tiroz bildirdi. Uning aytishicha, dastlabki ekspertizada asosan Y-xromosoma bo‘yicha tahlil o‘tkazilgan va uning DNKsiga mos kelishi haqida xulosa qilingan. Himoya tomoni AQSh, Rossiya va O‘zbekiston mutaxassislarining xulosalarini sudga taqdim etgan. Karimovning so‘zlariga ko‘ra, ular dastlabki ekspertizada yetarli genetik markerlar mavjud emasligi, DNK yuqori darajada degradatsiyalangani va aralash DNK profillarini talqin qilishda metodik muammolar borligini bildirgan. «Palto marhum otamga tegishli edi. Palto ustida maishiy aloqa izlari, DNK izlari borligi tabiiy hayotiy omil bilan izohlanadi. Balki oila a’zolarimizdan kimdir va men qachondir uni kiyganmiz», — deydi Karimov. U qon va siydik tahlillarida giyohvand moddalar aniqlanmaganini ta’kidladi.

Karimov o‘zining tadbirkorlik faoliyati haqida ham gapirib, bir nechta korxonaning ta’sischisi va rahbari ekanini, xalqaro eksport-import operatsiyalari bilan shug‘ullanganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 1150 nafar rasmiy xodimi bo‘lgan, hozir esa ularning 830 nafari qolgan. «Mening ommaviy maqomim va media obro‘yimni ham e’tiborga oling. Ijtimoiy tarmoqlarda men „Real Sanjik“ taxallusi bilan tanilganman», — dedi u sudlov hay’atiga. Karimov apellyatsiya sudidan, avvalo, sanksiyasiz tintuvlar natijasida olingan ashyolarga huquqiy baho berishni so‘radi. Uning aytishicha, himoya tomoni Toshkent davlat yuridik universiteti, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va Oliy suddan olingan hujjatlarni sudga taqdim qilgan. «Alohida kadastrga ega xonadonga berilgan ajrimni boshqa xonadonlarga avtomatik ravishda tatbiq etib bo‘lmaydi», — dedi u.

Sud majlisidan so‘ng Sanjar Karimov OAV vakillarining savollariga javob berdi. Undan hukm chiqqandan keyin ozodlikka chiqsa, O‘zbekistonda qolish-qolmasligi so‘raldi. «Albatta, qolaman. Kelajakda hali rejalarim katta. O‘zbekistonda boshlab qo‘ygan ancha ishlarim bor. Men O‘zbekistondan ketishni reja ham qilmaganman», — dedi u. «Shu sababli O‘zbekistonda adolat borligiga, prezidentimiz olib borayotgan siyosat juda adolatli ekaniga ishonaman. Bundan tashqari, Oliy sud raisi Robaxon opa [Mahmudova] va ishimda ishtirok etayotgan, uni nazoratga olgan barcha mas’ullardan menga adolatli hukm chiqarilishini so‘rab qolaman», — deydi u. Karimov sud jarayoni nafaqat O‘zbekistonda, balki xorijda ham kuzatilayotganini ta’kidladi. «Bir narsani aytmoqchiman: mana shu sud jarayonini butun MDH, butun Amerika hozir kuzatib o‘tiribdi. Amerikadagi o‘zbekistonlik diaspora, Rossiyadagilar… Kimki meni qo‘llab-quvvatlayotgan bo‘lsa, kimki menga adolat tilayotgan bo‘lsa, shu fursatdan foydalanib, ularga rahmat aytib qolaman. Adolatga ishonaylik», — dedi u.

Sud hay’ati jinoyat ishi bo‘yicha yakuniy qism — sudlanuvchining oxirgi so‘zini 7-oktabr soat 11:00 ga qoldirdi. Sud hay’ati shu vaqtga qadar ishdagi yozma hujjatlar va dalillarni yana bir bor o‘rganib chiqishini bildirdi.

Source: www.gazeta.uz