4-oktabr kuni Toshkent shahrida yog‘ingarchilik boshlanishidan avval qisqa muddatli chang-to‘zon hodisalari kuzatilishi mumkin. Bu haqda poytaxtda ekologik vaziyatni barqarorlashtirish va yaxshilash bo‘yicha tuzilgan maxsus komissiya rasmiy ogohlantirish bilan chiqdi.
Global ob-havo prognozlash modellari hamda O‘zgidromet ma’lumotlariga tayangan holda bildirilishicha, poytaxt hududiga nam va salqin havo massalari kirib kelmoqda. Mazkur atmosfera jarayonlari natijasida shamol tezligi o‘rtacha 3–8 m/s atrofida bo‘lishi, biroq ayrim hududlarda 10–14 m/s gacha kuchayishi kutilmoqda.
Shamolning tezlashishi sababli havoga chang ko‘tarilib, atmosfera tarkibidagi mayda zarrachalar, xususan, PM10 konsentratsiyasi miqdori vaqtincha me’yordan oshishi mumkin. Mutasaddilar havo sifatining yomonlashuvi qisqa vaqt davom etishini, shunga qaramay sezgir insonlar ehtiyot choralarini ko‘rishlari lozimligini ta’kidlamoqda.
Maxsus komissiya bergan xabarga ko‘ra, ayni paytda shahar bo‘ylab atmosfera havosi sifati doimiy ravishda monitoring qilib borilmoqda va nazorat choralari kuchaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zgidromet 3–5-oktabr kunlari butun respublika bo‘ylab sovuq va nam havo oqimi tarqalishi haqida ma’lum qilgan edi. Prognozlarga binoan, yog‘ingarchilik kuchayib, baland tog‘li hududlarda qorga aylanishi, shamol esa ba’zi joylarda 22 m/s gacha yetishi va ayrim hududlarga tuman tushishi mumkin.
Source: www.gazeta.uz