Qashqadaryo viloyatining G'uzor tumanida ta'lim tizimidagi navbatdagi korrupsiya holati fosh etildi. Ma'lum bo'lishicha, maktab direktori fuqaroni ingliz tili o'qituvchisi lavozimiga ishga joylashtirib qo'yish evaziga noqonuniy ravishda pul mablag'ini olgan paytda huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan ushlangan.
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qarshi shahri bo'limi tomonidan o'tkazilgan tezkor tadbir davomida G'uzor tumanidagi umumiy o'rta ta'lim maktabi direktori D.S. fuqaro G.Sh.ni o'zining rahbarligidagi maktabga ingliz tili fani o'qituvchisi sifatida ishga kiritish evaziga 600 AQSH dollari talab qilib, ushbu summani olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo'lga olindi.
Mazkur holat yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari, xususan, pora olish jinoyati bo'yicha jinoyat ishi qo'zg'atildi. Hozirgi vaqtda tergov harakatlari olib borilmoqda va barcha holatlar to'liq tekshirilmoqda.
Source: kun.uz