Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanida Rossiya-Ukraina urushida Rossiya Qurolli kuchlari safida jang qilgan 38 yoshli A.N.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. Sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi Tambov shahridagi jazoni ijro etish koloniyasida jazo muddatini o‘tayotgan vaqtida Rossiya tomonidagi jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun shartnoma imzolashga majbur qilinganini bildirgan.
Sudlanuvchining ko‘rsatmalariga ko‘ra, koloniyada unga nisbatan jismoniy va ruhiy bosimlar o‘tkazilgan, shuningdek, musulmon ekanligi inobatga olinmay, ataylab cho‘chqa go‘shtidan tayyorlangan taomlar berilgan. Bosimlarga chiday olmagan A.N. 2025-yil sentabr oyida harbiy xizmat shartnomasini imzolashga majbur bo‘lganini va shundan so‘ng Rossiya-Ukraina chegarasidagi dala o‘quv poligoniga yuborilganini da'vo qildi.
Poligonda bir oy davomida AK-74 avtomati bilan harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan A.N. jangovar harakatlarda halok bo‘lishni istamay, oktabr oyining oxirida boshqa mahbuslar bilan birga qochib ketgan. Moskvada qurilish ishlarida ishlab yurgan vaqtida vatanga qaytish guvohnomasini qalbakilashtirgani aniqlanib, Novosibirskda hibsga olingan hamda O‘zbekistonga deportatsiya qilingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tumani sudi A.N.ni O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) bilan aybdor deb topdi. Sud uning aybigacha bo‘lgan harakatlarini, front chizig‘idan qochib kelganini va qilmishidan pushaymonligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 4 yil 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosini tayinladi.
Source: www.gazeta.uz