Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan tarqatilgan ma'lumotlarga ko‘ra, yaqin kunlarda poytaxt Toshkent shahrida atmosfera havosining sifati kechasi va ertalabki soatlarda qisqa muddatga keskin pasayishi mumkin. Mutaxassislar ushbu holat shahar aholisi, xususan, sezgir guruhlar salomatligiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi ehtimolidan ogohlantirmoqda.

O‘tgan kunlar davomida olingan tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 6-oktabr kuni kunduzi havo sifati xalqaro AQI indeksi bo‘yicha nisbatan barqaror bo‘lgan bo‘lsa-da, kechki soat 20:00 dan keyin vaziyat o‘zgargan. Kechqurun va ertalabki vaqtlarda shahar bo‘ylab ko‘rsatkichlar “sezgir guruhlar uchun noqulay” darajaga yetgan, ayrim tumanlarda esa qisqa vaqt mobaynida “nosog‘lom” daraja qayd etilgan.

Xususan, 6-oktabr soat 17:00 dan 7-oktabr soat 10:00 oralig‘ida o‘tkazilgan o‘lchovlar natijasida RM2,5 mayda dispers zarrachalarining o‘rtacha konsentratsiyasi 43,5 mkg/m³, RM10 zarrachalari esa 97,2 mkg/m³ ni tashkil etgani aniqlangan. Ushbu davr uchun hisoblangan o‘rtacha AQI ko‘rsatkichi 117 ga teng bo‘lib, bu belgilangan mezonlarga ko‘ra salbiy holat sifatida baholanmoqda.

Qo‘mita vakillarining tushuntirishicha, havo sifati yomonlashishiga ifloslantiruvchi moddalarning tarqalishiga to‘sqinlik qilgan noqulay meteorologik sharoitlar sabab bo‘lgan. Xususan, shamol tezligining soniyasiga atigi 1 metr atrofida bo‘lishi hamda tungi kuchli harorat inversiyasi havoning tabiiy almashinuvi va vertikal aralashish jarayonini sezilarli darajada sekinlashtirgan.

Source: www.gazeta.uz