Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Gazeta nashrining "Ta’lim 360" nomli maxsus podkastining navbatdagi sonida mamlakatdagi pedagogika sohasi, o‘qituvchi fenomenining bugungi kundagi o‘rni hamda tizimda yechim kutayotgan muammolar atroflicha muhokama qilindi. Muhokamada ta’lim eksperti Komil Jalilov, pedagog Shokir Tursun va Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti rektori Abduvali Ismoilov ishtirok etib, o‘qituvchining vazifalari va zamonaviy talablarga moslashish jarayonlarini tahlil qilishdi.

Mutaxassislarning fikricha, o‘qituvchi ta’lim tizimining markazida turadi va o‘quv dasturlarini sinfda hayotga tatbiq etuvchi asosiy figura hisoblanadi. Biroq an’anaviy yondashuvlardan farqli o‘laroq, bugungi kunda pedagog faqatgina tayyor bilim beruvchi emas, balki o‘quvchining tanqidiy va ijodiy fikrlashini shakllantiruvchi fasilitatorga aylanishi talab etilmoqda. Shu bilan birga, jamiyatni qayta qurish va o‘quvchilarni faol fuqaro sifatida tarbiyalash g‘oyalari ham dolzarb ahamiyat kasb etib borayotgani ta’kidlandi.

Suhbat davomida O‘zbekiston maktablaridagi amaldagi holat va o‘qituvchilar duch kelayotgan cheklovlar ham keskin tanqidiy muhokama markazida bo‘ldi. Ekspertlarning ta’kidlashicha, davlat tomonidan o‘qituvchilar uchun ma’lum sharoitlar yaratilganiga qaramoe, ta’lim tizimida akademik erkinlikning yo‘qligi va o‘qituvchilarning qat'iy darsliklar hamda taqvim rejalar bilan chegaralangani pedagogik ijodkorlikni so‘ndirmoqda. O‘qituvchilar o‘quv jarayonini mustaqil loyihalashtirish imkoniyatidan mahrum bo‘layotgani tizimdagi eng asosiy to‘siqlardan biri sifatida ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, xalqaro TALIS tadqiqoti natijalari va o‘qituvchilarning o‘z kasbidan mamnunligi masalasida turlicha yondashuvlar bildirildi. Rasmiy idoralar vakillari pedagoglarning 95 foizi o‘z ishidan qoniqish hosil qilayotganini ijobiy signal sifatida baholagan bo‘lsa, mustaqil ekspertlar bu ko‘rsatkich o‘tgan yillardagi og‘ir sharoitlar bilan solishtirgandagi nisbiy o‘sish ekanini, biroq real muammolar hal etilmaguncha xotirjamlikka berilish erta ekanini ta’kidlashdi.

Source: www.gazeta.uz