Futzal bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasining bosh murabbiyi lavozimida ishlab kelgan ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimini tark etdi. O‘zbekiston futzal federatsiyasi tarqatgan ma'lumotlarga ko‘ra, bu qaror mutaxassisning salomatligidagi jiddiy muammolar tufayli qabul qilingan.
Ma'lum bo‘lishicha, Mendes avgust oyining oxiridan buyon yurak yetishmovchiligi alomatlari sababli tibbiy tekshiruvlardan o‘tmoqda. Dastlab Toshkent shahrida shifokorlar nazoratida bo‘lgan murabbiy, keyinchalik chuqurlashtirilgan muolajalar uchun Madrid shahriga jo‘natilgan edi.
Ispaniyalik tibbiyot xodimlari mutaxassisga har qanday professional faoliyatni vaqtincha to‘xtatib turishni va zudlik bilan uzoq muddatli davolanish kursini boshlashni qat'iy tavsiya qilishgan. Shundan so‘ng, Mendes federatsiya rahbariyatiga iste'foga chiqish haqidagi iltimosi bilan rasman murojaat etgan.
Federatsiya rahbariyati yuzaga kelgan vaziyatni va murabbiyning sog‘lig‘i holatini inobatga olib, uning arizasini qanoatlantirishga qaror qildi. Xose Mariya Mendes o‘zining xayrlashuv maktubida jamoaga galdagi o‘yinlarda, jumladan jahon chempionati saralashida muvaffaqiyatlar tilab, kelgusida ham yordam berishga tayyorligini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Mendes joriy yilning mart oyida O‘zbekiston terma jamoasiga uchinchi marotaba bosh murabbiy etib tayinlangan edi. U bunga qadar 2011—2012 hamda 2014—2017-yillarda ham jamoani boshqarib, 2016-yilda Osiyo chempionatining kumush medallarini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘lgandi.
Source: www.gazeta.uz