Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudi tomonidan ilgari chiqarilgan hukm yuzasidan berilgan apellyatsiya shikoyatini ko‘rib chiqib, yakuniy qarorini e’lon qildi. Mazkur sud jarayoni “Rayhon oilaviy milliy taomlari” kafesi ta’sischisi Odilxon Ismoilov va boshqa shaxslarga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida olib borildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 13-iyul sanasida birinchi instansiya sudi Odilxon Ismoilovni Jinoyat kodeksining bir qator moddalari, jumladan, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish jinoyatida aybli deb topib, 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish haqida hukm chiqargan edi. Ushbu qaror jamiyatda va tadbirkorlar orasida turli muhokamalarga sabab bo‘lgan.

Apellyatsiya instansiyasi majlisida ish bo‘yicha yetkazilgan moddiy zararning bir qismi qoplangani e’tiborga olindi. Xususan, pul mablag‘lari naqd shaklda depozit raqamiga o‘tkazilgani hamda tadbirkorga tegishli ayrim mulklar bank balansiga olingani aniqlangan. Shuningdek, xatlangan boshqa mulklar ham zararni qoplashga yo‘naltirilgani ma’lum qilindi.

Sudlov hay’ati mazkur holatlarni va zararning qoplanganini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 72-moddasiga murojaat qildi. Natijada Odilxon Ismoilovga nisbatan tayinlangan 8 yillik asosiy jazo o‘zgarishsiz qoldirilgan bo‘lsa-da, unga nisbatan 3 yil sinov muddati belgilanib, shartli hukm qilindi.

Apellyatsiya ajrimidan so‘ng sud zalining o‘zida Odilxon Ismoilov qamoqdan ozod etildi. Ma’lumot o‘rnida, u avvalroq Toshkent shahar bosh imom xatibi o‘rinbosari va “Shayx Zayniddin” jome masjidi imom-xatibi lavozimlarida faoliyat yuritgan, keyinchalik esa tadbirkorlik bilan shug‘ullana boshlagan edi.

Source: www.gazeta.uz