Oʻzbekiston hududida Ozarboyjon, Oʻzbekiston va Turkiya maxsus kuchlarining ishtirokida «Abadiy birodarlik – V» deb nomlangan koʻpmillatli qoʻshma oʻquv mashgʻulotlari muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Ushbu tadbir mamlakatlar oʻrtasidagi harbiy sohadagi hamkorlikni chuqurlashtirish hamda mintaqadagi xavfsizlik masalalariga qaratilgani aytilmoqda.
Ozarboyjon Mudofaa vazirligining tarqatgan maʼlumotlariga koʻra, mazkur mashgʻulotlar uch davlat harbiy boʻlinmalari oʻrtasida oʻzaro tajriba almashish va qoʻshma operatsiyalarni rejalashtirishda muvofiqlikni oshirishni maqsad qilgan. Shuningdek, ishtirokchilar murakkab togʻli hududlar va aholi punktlarida jangovar harakatlarni olib borish koʻnikmalarini sinovdan oʻtkazdilar.
Oʻquv dasturining amaliy qismida harbiylar shartli dushman ortiga kirib borish, razvedka-qidiruv tadbirlarini bajarish hamda strategik muhim obyektlarni egallash vazifalarini bajardilar. Shu bilan birga, aksilterror amaliyotlari doirasida garovga olinganlarni ozod qilish hamda muhim infratuzilma obyektlarini qoʻriqlash ishlari ham puxta mashq qilindi.
Ishtirokchilar kunduzgi va tungi sharoitlarda turli kalibrdagi oʻqotar qurollar, snayper majmualari hamda maxsus vositalardan foydalangan holda amaliyotlar oʻtkazdi. Tadbir yakunida Ozarboyjon Maxsus operatsiyalar kuchlari qoʻmondoni general-mayor Alakbar Jahongirov harbiylarning tayyorgarlik darajasini yuqori baholab, faol qatnashgan xizmatchilarni taqdirladi.
Source: kun.uz