So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda mashhur Chevrolet Damas, Cobalt, Tracker va Onix avtomobillari hech qanday boshlang‘ich to‘lovsiz, qulay bo‘lib to‘lash shartlari bilan sotuvga chiqarilayotgani haqida turli xabarlar va videolar keng tarqalmoqda. Biroq, UzAuto Motors kompaniyasining matbuot xizmati mazkur ma'lumotlar mutlaqo haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini va asossiz ekanini rasman ma'lum qildi.
Tarqalgan videolardan birida fuqarolarga hozirda mashina xarid qilishga shoshilmaslik va yaqinda 0 foizli bo‘lib to‘lash tizimi ochilishi, shuningdek, boshlang‘ich to‘lov umuman olinmasligi haqida yolg‘on va'dalar berilgan. Kompaniyaning vakillari ta'kidlashicha, hozirgi kunda birorta ham avtomobil modeli bo‘yicha boshlang‘ich to‘lovsiz sotish rejasi mavjud emas va bu kabi iddaolar mijozlarni chalg‘itishga qaratilgan.
Shu munosabat bilan, UzAuto Motors jamoatchilik vakillari va faol ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan tasdiqlanmagan hamda aholini noto‘g‘ri yo‘naltiruvchi yolg‘on axborotlarni tarqatmaslikni qat'iy so‘rab qoldi. Har qanday rasmiy yangilik faqatgina kompaniyaning rasmiy kanallari orqali e'lon qilinishi eslatib o'tildi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 7-oktabridan boshlab kompaniya Chevrolet Cobalt va Damas avtomobillarini banklar ishtirokisiz bo‘lib to‘lash asosida sotishni boshlagan edi. Biroq bu shartlarga ko‘ra, Cobalt uchun 50 foiz, Damas uchun esa 30 foiz miqdorida boshlang‘ich to‘lov talab etiladi va avtomobillar soni cheklangan.
Source: www.gazeta.uz