Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash hamda yashil hududlarni kengaytirish maqsadida poytaxt mahallalarida, ko‘p qavatli uylar oralig‘ida, shuningdek, maktab va bog‘chalar hududida zamonaviy mikroo‘rmonlar barpo etish rejalashtirilmoqda. Ushbu tashabbus Toshkent shahri hokimi Shavkat Umurzoqov tomonidan imzolangan tegishli qarorda o‘z aksini topgan bo‘lib, shaharning har bir dyuym yeridan unumli foydalanishni nazarda tutadi.

Tasdiqlangan hujjatga ko‘ra, bo‘sh yer maydonlari yetishmaydigan zich mahallalarda 200 dan 1000 kvadrat metrgacha bo‘lgan kichik maydonlarda zich ravishda daraxt va buta ko‘chatlarini ekish ko‘zda tutilgan. Agar yer maydoni butunlay asfalt va beton bilan qoplangan bo‘lsa, katta hajmli ko‘chat tuvaklarini o‘rnatish orqali jamoat bog‘larini tashkil etish belgilanmoqda. Tuman hokimliklari va homiylar ushbu jarayonni moliyalashtirishi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi esa sifatli ko‘chatlar yetkazib berishi shart.

Yangi tashkil etilayotgan yashil zonalarning daxlsizligini ta'minlash maqsadida qat'iy talablar o‘rnatildi. Jumladan, bunday hududlarni jismoniy yoki yuridik shaxslarga mulk qilib berish, ularda biron-bir qurilish ishlarini olib borish qat'iyan taqiqlanadi. Shuningdek, fuqarolarning bu hududlarga erkin kirishini cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi va barcha yashil bog‘lar maxsus reyestrga kiritiladi.

Kelgusi rejalar doirasida 2027-yil 1-yanvardan boshlab «Yashil lot» tizimi ishga tushirilib, fuqarolar va tadbirkorlarga shartnoma asosida yer uchastkalari ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, «Yashil makon» platformasida daraxtlarning geolokatsiyasi, turi va holatini ko‘rsatib beruvchi «Daraxtlar balansi» moduli joriy etilishi rejalashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz