Transport vazirligida o'tkazilgan matbuot anjumanida poytaxtimiz jamoat transporti tizimidagi so'nggi o'zgarishlar va kelgusidagi rejalar muhokama qilindi. Xususan, 2026-yil yakuniga qadar “Toshshahartransxizmat” tomonidan 200 ta zamonaviy elektrobus, xususiy tadbirkorlar tomonidan esa 100 ta yangi avtobus xarid qilinishi rejalashtirilayotgani ma'lum qilindi.
Transport vazirining birinchi o'rinbosari Mamanbiy Omarovning so'zlariga ko'ra, so'nggi yillarda avtobuslar harakati oralig'ini qisqartirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Agar 2022-yilda bu ko'rsatkich o'rtacha 13 daqiqani tashkil etgan bo'lsa, hozirda uni 8−10 daqiqagacha tushirishga erishilgan. Shunga qaramay, ayrim yo'nalishlarda tirbandliklar va harakat grafigidagi uzilishlar sababli muammolar saqlanib qolmoqda.
Toshkent shahar transport bosh boshqarmasi boshlig‘i Mirakbar Ikromovning ta'kidlashicha, poytaxt ehtiyojlarini to'liq qoplash uchun yana 500 ta avtobus zarur va qo'shimcha ravishda shuncha transport vositasini sotib olish ko'zda tutilgan. Shuningdek, xususiy tashuvchilarni jalb qilish va brutto-shartnomalar tizimini kengaytirish orqali xizmat sifatini oshirish choralari ko'rilmoqda.
Bundan tashqari, shaharlararo qatnovlarni yaxshilash va Toshkent viloyatidan keladigan transport oqimini kamaytirish maqsadida yana 13 ta yangi yo'nalish ochish ko'zda tutilgan. Shuningdek, Rossiya, Qozog‘iston va Xitoy kompaniyalari ham poytaxt bozorida xizmat ko'rsatishga qiziqish bildirayotgani ta'kidlandi.
Source: www.gazeta.uz