Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qoʻmitasi tomonidan yangi turar-joy loyihalarini amalga oshirishda qat'iy talablar belgilandi. Unga ko'ra, endilikda har qanday yangi uy-joy loyihasida maktab, bogʻcha, ijtimoiy obyektlar, yoʻl va muhandislik infratuzilmasi birgalikda rejalashtirilishi shartligi qat'iy uqtirildi. Mazkur chora-tadbirlar shaharsozlik jarayonlarini tartibga solish va aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilganligi aytilmoqda.

Qoʻmitaning maʼlum qilishicha, qurilishi rejalashtirilayotgan har bir loyihaga kompleks yondashish zaruriyati yuzaga kelgan. Koʻp qavatli uylar qurilishi bilan bir qatorda, zarur yashil hududlar, bolalar maydonchalari va avtoturargohlar ham loyihaning ajralmas qismiga aylanishi lozim. Shuningdek, amaldagi tartiblarga zid ravishda, yer maydoni bir gektargacha boʻlgan kichik va zich qurilishlardan butunlay voz kechish zarurligi qat'iy taʼkidlandi.

Ta'kidlanishicha, qoʻmita hududiy arxitektura-shaharsozlik kengashlariga kelib tushayotgan loyihalarni koʻrib chiqish jarayonida uchta asosiy mezon va jihatga alohida eʼtibor qaratmoqda. Birinchi navbatda, har bir qurilish loyihasi hududning tasdiqlangan Bosh rejasiga qat'iy muvofiq boʻlishi shartligi talab etilmoqda.

Ikkinchi muhim talab sifatida hududning kamida 30 foizi yashil hudud bo'lishi belgilandi. Qoʻmita vakillarining fikricha, bunday yashil maydonlar shaharning ekologik muvozanatini saqlash va aholi uchun sogʻlom yashash muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uchinchidan, binolar balandligining mavjud infratuzilmaga mos kelishi tekshiriladi, ya'ni uylarning qavatlar soni hududdagi kommunal va ijtimoiy infratuzilma imkoniyatlariga to'la mutanosib boʻlishi lozim.

Source: kun.uz